Imlo boʻyicha koʻrsatma berayotganlar diqqatiga: oʻzbekchaga tayaning
Ayrim imlo xatolari ensiklopediyalar, kitoblar, darslik va qoʻllanmalarga kirib boradi. Ularning xato ekanini koʻpincha sezmaymiz ham. Bunga baʼzan eʼtiborsizlik, baʼzan yanglish talqinlar sabab boʻladi. “Daryo” kolumnisti, muharrir Orif Tolib bu gal geografik nomlar imlosidagi shunday yanglish talqinlarga eʼtibor qaratadi.
Tashqi ishlar vazirligi imloga masʼulmi?
Kasbim taqozosi bilan “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining vazirlik va idoralarga imlo masalasida yoʻllagan murojaatlariga javoblar bilan tanishdim. Bu xatlarda “Dunyoning siyosiy xaritasi” va atlaslarda xorijiy mamlakatlar nomlarini amaldagi lotin imlosiga koʻra toʻgʻri yozish masalasi koʻtarilgan.
“Kartografiya” DIICHKga koʻra, “Dunyoning siyosiy xaritasi” har yili Tashqi ishlar vazirligiga dunyoning siyosiy tuzilishida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar, davlatlar poytaxtlarining oʻrni yoki nomlari oʻzgarishlarini tekshirib berish uchun yuboriladi. Vazirlik esa baʼzi mamlakatlar va shaharlar nomlarining yozilishidagi xatoliklarni aniqlanib, koʻrsatadi. Bu tartib, albatta, yaxshi. Chunki mamlakatlar, turli shahar va hududlarning chegaralari, nomlari oʻzgarib turadi. Aniqlik kerak. Biroq bir eʼtiborli nuqta bor: nomlarning yozilishidagi xatolar bilan nega Tashqi ishlar vazirligi shugʻullanishi kerak? Vazirlik imlo boʻyicha vakolatli tashkilotmi?
Toʻgʻri, joy nomlari imlosi masalasida katta boʻshliq bor. Oʻzbek tilining amaldagi imlo qoidalari va tabiatiga mos geografik nomlar lugʻati haligacha ishlab chiqilmagan. Bu borada masʼuliyatni yelkaga oladigan va amaliy qadam tashlaydigan tashkilot ham hozircha yoʻq. Agar ana shu masʼuliyatga Tashqi ishlar vazirligi ega chiqqan boʻlsa, joy nomlari boʻyicha tavsiya berishda geograflar, toponimchilar, tilshunoslar, lugʻat yaratuvchilar, muharrirlar – umuman shu sohaga aloqador mutaxassislardan xulosa va takliflar oldimi? Menimcha, bu savolga tasdiq maʼnosida javob berib boʻlmaydi. Chunki vazirlik taklif etgan tuzatishlarning baʼzilari oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalariga zid.
Qaysi joy nomlariga eʼtibor qaratilgan?
Vazirlik 2024-yil 29-fevraldagi xati bilan 17 ta toponim nomiga oʻzgartirish kiritishni tavsiya etgan. Ular ichida toʻgʻri va asosli tuzatishlar ham bor. Masalan, Asunsion, Duqm, Raqqa, Abha, Chimkent, Ashxobod, Ostona shaharlari nomi yozilishidagi tavsiyalarga toʻliq qoʻshilish mumkin. Chunki bu nomlar oʻzbekcha talaffuz, imlo anʼanasiga mos, asliyatga ham toʻgʻri keladi.
Oʻmon davlati nomi esa bir qadar bahsli, chunki bu nom milliy ensiklopediya va boshqa manbalarda Ummon shaklida berilgan. Asliyatda, yaʼni arabchada Oʻmon oʻqiladi degani oʻzbek tilida ham majburan shunday berish kerak degani emas. Til soʻzni oʻziga moslashtiradi, moslashtirmasagina asliyatga tayanish oʻrinli boʻladi. Ummon soʻzi ildizida ummon, yaʼni dengiz maʼnosi yoʻq-ku, deb ham eʼtiroz bildirilishi mumkin. Toʻgʻri, shunday. Lekin bir soʻz boshqa tilga oʻzlashganda shaklini yoki mazmunini oʻzgartirishi mumkin va bu tabiiy. Bu sultonlik uchun oʻzbekchada Ummon toponimi ishlatilayotgan va oʻzbekcha talaffuzga zid emas ekan, uni qabul qilaverish kerak. Oʻzbek tili bilan bir oilaga mansub turk tilida ham bu davlat nomi uchun Ummon varianti ishlatiladi. Mabodo koʻpchilikning yakdilligi bilan Oʻmon varianti olinsa ham muammo emas. Bu shakl boshqa bir til taʼsirida oʻzgarmagan, oʻzbek tiliga begonalashmagan. Ammo birxillikka erishish shart.
Qatar poytaxti nomini Doha shaklida yozish ham bahsli. Milliy ensiklopediya bu soʻzni Doʻha koʻrinishida bergan. Ruscha, inglizcha yoki boshqa bir tildagi shaklga ergashmay, oʻzbekcha talaffuzga mos variantni tanlagan maʼqul, menimcha.
Mongoliyani Moʻgʻuliston shaklida berish haqidagi xulosaga tarixiylik-anʼanaviylik nuqtai nazaridan qoʻshilish mumkin-u, savolli jihatlar bor-da. Moʻgʻuliston soʻzi tilimida eskidan ishlatilgan. Biroq zamonaviy adabiyotlarda, masalan, milliy ensiklopediyada Moʻgʻuliston va Mongoliya toponimlarining maʼnosi farqlanadi. Moʻgʻuliston 1348-yili Chigʻatoy ulusi parchalanishi natijasida tashkil topgan davlat hamda Chingizxonning ajdod va avlodlari yashagan Markaziy Osiyodagi katta geografik hudud uchun ishlatiladi. Mongoliya esa aholisi asosan moʻgʻullardan iborat, bugun mavjud boʻlgan davlat uchun qoʻllanadi. Agar Moʻgʻuliston atamasi zamonaviy Mongoliya uchun ishlatilishi qatʼiy belgilansa, buni ham qabul qilsa boʻladi. Shu prinsip asosida Gretsiyani ham Yunoniston deb oʻzgartirish mumkin. Lekin yakdillik kerak. Turli manbalarda xilma-xil talqinlar ilgari surilishi chalkashliklarga yoʻl ochadi.
Imloga masʼul tashkilotlar nima deydi?
“Kartografiya” DIICHK xuddi shu masalada OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutiga ham murojaat qilgan. Ushbu institut til, xususan, imlo masalalari bilan shugʻullanuvchi vakolatli tashkilotlardan biri.
Institut Tashqi ishlar vazirligi bilan deyarli bir xil xulosa bergan. Qiziq tomoni, institut ham aynan oʻsha 17 ta toponimga toʻxtalgan. Tavsiyalar faqat bitta oʻrinda farqlanadi: institut Shveytsariya shaklini, vazirlik esa Shveysariya variantini maʼqullagan.
Institut va vazirlikka koʻra, Shri Lanka nomini Shri-Lanka, Tel Aviv nomini Tel-Aviv, Ulan Bator nomini Ulan-Bator, Nyu Dehli nomini Nyu-Dehli, Sankt Peterburg nomini Sankt-Peterburg shaklida yozish kerak.
Vazirlikdan farqli ravishda institut xulosasiga manba koʻrsatgan: “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat”ning geografik nomlar boʻlimi (700–709-betlar). Shu yerda savol tugʻiladi: nega joy nomlari uchun “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” asos boʻlishi kerak? Xoʻp, joy nomlari lugʻati yoʻq ekan, eng birinchi galda amaldagi imlo qoidalaridan yechim qidirilmaydimi? Buni boshqalar bilmasa ham, imlo bilan shugʻullanuvchi institut bilishi kerak-ku? Qolaversa, yuqorida tilga olingan lugʻat ham, mavjud toponimik lugʻatlar ham sobiq Ittifoq davrida yaratilgan va imloda rus tili qoidalariga asoslangan. Mustaqillik davridagi qayta nashrlari ham oldingi prinsipni, ruhiyatni saqlab qolgan.
Vazirlik ham, institut ham Asunsion, Duqm, Raqqa, Abha toponimlari imlosida oʻzbekcha-ruscha, ruscha-oʻzbekcha lugʻatlarga yoki koʻz oʻrgangan shakllarga emas, asliyatga asoslangan. Ana shu prinsip negadir bu soʻzlarda ishlamay qolgan, ularni asliyatga zid ravishda chiziqcha bilan yozish tavsiya etilgan.
Vazirlik va institut xulosasidagi xato nimada?
1995-yili qabul qilingan Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarida “Chiziqcha bilan yozish” bobi bor. Ushbu bobda qaysi soʻzlar chiziqcha bilan yozilishi kerakligi koʻrsatilgan. Ammo biror-bir bandda yuqorida sanalgan joy nomlarini chiziqcha bilan yozishga oid tartib koʻrsatilmagan. Demak, Shri-Lanka, Tel-Aviv, Ulan-Bator, Nyu-Dehli, Sankt-Peterburg shaklida yozish amaldagi imlo qoidalariga zid!
Balki, har ikki tashkilot asliyatga asoslanib shunday xulosa bergandir? Yoʻq, unday emas. Shri Lanka, Tel Aviv, Ulan Bator, Nyu Dehli kabi joy nomlarining asliyatda yoki inglizchada yozilishiga eʼtibor bering. Hech birida chiziqcha yoʻq. Chiziqcha ishlatish oʻzbek tili uchun ham mutlaqo ortiqcha. Faqat Sankt-Peterburggina ruschada chiziqcha bilan yoziladi. Biroq u ham aslan ruscha emas, etimologiyasi nemischaga taqaladi. Nemischada esa chiziqcha ishlatilmaydi: Sankt Petersburg.
Ruschada chiziqcha bilan yozishga asos bor – rus tili imlo qoidalarining 169-bandida old qismida artikl, predlog, yuklama boʻlgan hamda tarkibidagi soʻz rus tilida turdosh ot sifatida ishlatilmaydigan joy nomlari chiziqcha bilan yozilishi koʻrsatilgan. Shu qoidaga koʻra, Sankt Peterburg, Shri Lanka, Tel Aviv, Ulan Bator, Nyu Dehli va boshqa shunga oʻxshash toponimlar ruschada chiziqcha bilan yoziladi.
Endi savol: nega oʻzbekchada ham rus tili imlo qoidalariga tayanilishi kerak? Vazirlik ham, institut ham yuqoridagi soʻzlarning yozilishida oʻzbek tili imlo qoidalariga emas, rus tili imlo qoidalariga asoslangan.
Nima qilish kerak?
Rus tili imlo qoidalari keng qamrovli, yaxshi ishlangan. Oʻzbek tilining kirill va lotin yozuvlaridagi imlosi uchun shu imlo qoidalari asos boʻlgani ham haqiqat. Biroq bu har qanday qoidani koʻchirish kerak, oʻzbekcha imloga ters borib, ruschaga taqlid qilish kerak degani emas.
Yozuvdagi ortiqcha belgilar faqat zarar – joy oladi, oʻquvchini chalgʻitadi. Imloda ham, punktuatsiyada ham shunday. Matn yozishda, uning imlosida bosh maqsad oʻquvchiga yengillik yaratish, unga mazmunni toʻla-toʻkis yetkazish boʻlishi zarur.
Muammo aniq. Xoʻsh, ularni hal etish uchun nimalar qilish kerak?
Toponimlar imlosi bilan bogʻliq muammoni yechish uchun imlo qoidalari islohini kutib oʻtirish shart emas, uni amaldagi imlo qoidalari bilan ham bemalol hal etish mumkin. Geografik nomlarning keng qamrovli lugʻatini ishlab chiqish kifoya. Lekin bunda mustaqil, oʻzbekcha imloga mos yondashuv kerak. Joy nomlari eski hammom, eski tos qabilida yana ortiqcha chiziqchalar bilan, oʻzbekchaga yoki asliyatga zid shakllarda berilmasligi zarur. Balki, bu ishga Tashqi ishlar vazirligi bosh-qosh boʻlar?
Imlo masalasida rus, ingliz yoki boshqa tilga asoslanib, oʻzbekcha imloga ters xulosalar, koʻrsatmalar berishni ham toʻxtatish zarur. Chunki yanglish tavsiyalar
xatolar davomli boʻlishiga, “qonuniylashish”iga olib keladi. Toʻgʻriday koʻrinadigan, aslida oʻzbek tili imlosiga zid tartib darsliklar, qoʻllanmalar, ensiklopediyalar, kitoblardan yanada mustahkam oʻrin oladi. Oʻquvchilar, talabalar, mutaxassislar, umuman, keng jamoatchilik zehniyatiga qatʼiy yerlashadi.
Masʼullar bu masalaga eʼtibor qaratadi va xatolarni toʻgʻrilashga kirishadi deb umid qilaman.
“Daryo” nashrida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.