Qadam ranjida qilmadim, bordim

Qadam ranjida qilmadim, bordim

Biror kishi sizga hadya bersa yoki yengilroq yumushingizni bajarsa, qanday minnatdorchilik bildirasiz? Ovora boʻlibsiz-da, sizni zahmatga qoʻydim, sizni ovora qildim kabi iboralar bilan tashakkur aytasiz, toʻgʻrimi? Lekin odam oʻzi birovga nimadir tortiq qilgan yoki boshqaning biror xizmatini bajargan payti ovora boʻldim-da, meni zahmatga qoʻydingiz, meni ovora qildingiz demaydi.

Xuddi shu kabi holatni qadam ranjida qilmoq iborasida ham kuzatish mumkin. Ranjida degani uringan, qiynalgan maʼnosiga ega. Ibora oyogʻini ogʻritib kelish, ovora boʻlib kelishni anglatadi. Ikkinchi yo uchinchi shaxs haqida shunday mulozamat bilan gapirish mumkin: qadam ranjida qiling, qadam ranjida qildilar.

Iborani birinchi shaxs tilidan ishlatish xatodir:

Bugun ajoyib bir ilm dargohiga qadam ranjida qildim

Bugun ajoyib bir ilm dargohiga qadam ranjida qildik

 

Ilm dargohiga ovora boʻlib keldim, vaqtimni oldilaring degani bu. Aqli bor odam bunaqa mazmunda gapirmaydi. Malollansa, kelmay qoʻya qoladi. Shunda oyogʻini ham, boshqalarning koʻnglini ham ogʻritmaydi.

Yuqoridagi jumlani mana bunday tahrirlash mumkin:

Bugun ajoyib bir ilm dargohiga bordim

Bugun ajoyib bir ilm dargohiga bordik

 

Bu xuddi tashrif buyurmoq iborasiga oʻxshaydi. Siz tashrif buyurmaysiz. Sizga tashrif buyuring deyishadi yoki ulugʻ, hurmatli kishilar haqida tashrif buyurdi deb gapirishadi.

Lutfan taklif qilmoq iborasida ham shunaqa xatoliklar uchraydi. Birovni toʻyga yo ziyofatga taklif qilgan odam lutf qilmaydi, shu taklifga labbay deb javob bergan, boshqa ishini qoʻyib, vaqt ajratib kelgan odam lutf qilgan boʻladi. Kishidan lutfan, yaʼni lutf qilib mehmon boʻlishini soʻrash mumkin.

Men qadam ranjida qildim, biz qadam ranjida qildik kabi iboralarda ham shunday mantiqiy xato bor. Bunaqa minnatli iborani umuman qoʻllamaslik kerak.

 

@oriftolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.