Qarab: vergul kerakmi yoki yoʻq?
-b, -ib qoʻshimchali har qanday feʼldan keyin vergul qoʻyilavermasligi haqida oldin yozgan edim. Shunday qoʻshimchali qarab soʻzi bilan vergul ishlatishda ham xatoliklar, chalkashliklar tez-tez koʻzga tashlanib turadi. Vergul qoʻyish-qoʻymaslikni bizga mazmun aniqlab beradi.
Vergul kerak emas:
1️⃣ Qarab soʻzi oʻzidan keyin kelayotgan feʼlni mazmunan toʻldirib, izohlab kelsa, ish-harakat bir paytda sodir boʻlsa:
U menga qarab gapirar edi. ➡️ U menga qaragan holatda gapirar edi.
Oʻzbek oyim eriga anqaygancha qarab turar edi. ➡️ Qarab va turib bitta mazmunni ifodalayapti. Ish-harakat bir paytda sodir boʻlyapti.
2️⃣ Qarab soʻzi koʻmakchi vazifasini bajarsa. Bunda u nisbat, qiyos, makon, yoʻnalish kabi munosabatlarni bildiradi. Nisbat va qiyos maʼnosida kelganda koʻra, asosan soʻzlariga, yoʻnalish maʼnosini bildirganda tomon, tomonga, sari soʻzilariga maʼnodosh boʻladi:
Sharoitga qarab ish tut. Daromadni qilingan mehnatga qarab taqsimla. ➡️ Sharoitga koʻra ish tut. Daromadni qilingan mehnatga asosan taqsimla.
Qishloqqa qarab ketdi. Toʻgʻriga qarab uloqtirdi. ➡️ Qishloq tomonga ketdi. Toʻgʻriga uloqtirdi.
3️⃣ Iboralar tarkibida kelganda:
Ogʻzingga qarab gapir.
Bu xuddi birinchi qoidaga oʻxshaydi. Bu yerda ham bitta ish-harakat haqida soʻz boryapti.
Vergul kerak:
Agar birdan ortiq, ketma-ket, alohida ish-harakat nazarda tutilsa:
U oldin oynaga qarab, soʻng derazaga koʻz tashladi.
Lekin bunday jumlalar kam uchraydi. Qarab soʻzi deyarli vergulsiz ishlatiladi.
📌 Demak:
Uyga qarab ketdi, doʻstiga qarab gapirdi, umri yoʻl qarab oʻtdi, oldin kitobga qarab, keyin javob berdi ✅
Uyga qarab, ketdi, doʻstiga qarab, gapirdi, umri yoʻl qarab, oʻtdi, oldin kitobga qarab keyin javob berdi ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.