Qizil kitobmi yoki “Qizil kitob”?

Qizil kitobmi yoki “Qizil kitob”?

Punktuatsiya qoidalariga koʻra, turli asarlarning, shuningdek, kitob, gazeta, jurnallarning nomlari matnda qoʻllanganda qoʻshtirnoqqa olinadi. Masalan, “Oʻtkan kunlar” romani, “Sahihul Buxoriy” kitobi, “Maʼrifat” gazetasi, “Yoshlik” jurnali kabi. Lekin istisnoli holatlar ham bor. Jumladan, Qizil kitob. Uni izohli lugʻat shunday sharhlagan: yoʻqolib borayotgan yoki yoʻqolish xavfida boʻlgan noyob oʻsimlik va hayvon turlarini qayd qiluvchi davlat hujjati.

👉 Bu kitob-hujjat nomi turli joylarda turlicha berilgan. Xoʻsh, aslida qanday yozish toʻgʻri?

Izohli lugʻat shu ibora sharhida faqat birinchi soʻzni bosh hafr bilan bergan: Xalqaro qizil kitob. Oʻzbekiston qizil kitobi. Lekin boshqa bir oʻrinda soʻzni qoʻshtirnoqqa olib, yana bir oʻrinda esa qizil soʻzini bosh harf bilan ifodalagan. Menimcha, misol olingan manbada ibora qanday yozilgan boʻlsa, izohli lugʻat ham shuni oʻzgartirmay berib qoʻya qolgan.

Milliy ensiklopediya esa aksariyat holatlarda qizil soʻzini bosh harfda yozgan: Xalqaro Qizil kitob. Oʻzbekiston Qizil kitobi. Bu iboraning ruschadagi imlosiga ergashishdan boʻlsa kerak (ruschada qizil maʼnosini ifodalovchi soʻz birinchi keladi: Krasnaya kniga Uzbekistana).

👉 Xoʻsh qaysi biri toʻgʻri?

Bu davlat va xalqaro darajadagi muhim hujjat nomi boʻlgani uchun uning birinchi soʻzini bosh harf bilan yozish kerak. Odatda hujjatning rasmiy nomi mavzu sifatida toʻliq keltirilgandagina qoʻshtirnoq ishlatiladi. Qizil kitobda esa bunday holat yoʻq, uni qoʻshtirnoqsiz yozish zarur.

Qizil soʻzi biror kitobning rangini ifodalaganda soʻz kichik harflarda yoziladi: tokchadagi qizil kitob (kitobning muqovasi qizil rangda).

 

📌  Demak:

Xalqaro qizil kitob, Oʻzbekiston qizil kitobi, Qizil kitob, qizil (muqovali) kitob ✅

Xalqaro Qizil kitob, Xalqaro “Qizil kitob”, Oʻzbekiston Qizil kitobi, Oʻzbekiston “Qizil kitob”i, “Qizil kitob”, Qizil (muqovali) kitob ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube