Korchalon kim?
Badiiy asarlarda, baʼzan ogʻzaki nutqda korchalon soʻziga duch kelamiz? Xoʻsh, u nimani anglatadi?
Izohli lugʻatga koʻra, bu soʻz forschadan kirgan. Asliyatda dallol; ishbilarmon degan maʼnolarni anglatadi. Atoqli tilshunos Shavkat Rahmatullayevga koʻra, bu sifat ish maʼnosini anglatadigan tojikcha kor otiga harakatga keltirmoq maʼnosini anglatadigan forscha chalanidan feʼlining chalon hozirgi zamon asosini qoʻshib hosil qilingan boʻlib, oʻzini ishbilarmon qilib koʻrsatuvchi maʼnosini anglatadi.
Korchalon oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:
1️⃣ Oʻzini hammadan bilimdon deb hisoblovchi, bilarmon; mahmadona.
Sanamay sakkiz deb yurgan ekansiz, korchalon keksa!
Oybek, “Oltin vodiydan shabadalar”.
2️⃣ Ishbilarmon, epchil.
Azimjon oʻzi badavlat korchalon, yigit yoshidan buyon qorakoʻl boʻyicha noyob mutaxassis.
A. Muxtor, “Chinor”.
Soʻzning korchallon shakli ham bor. Lekin u juda kam ishlatiladi:
Okean naryogʻidagi bir korchallon yumshoq kresloda pinakka ketib oʻtirardi. “Mushtum”.
📌 Demak:
Korchalon, korchallon ✅
Korcholon, karcholon, korchollon, karchollon ❌
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.