Qofiya nima?

Qofiya nima?

Gazeta-jurnallarda ishlab yurgan paytlarim eng yoqimsiz mashgʻulotlardan biri gʻaribu gʻurabo “sheʼr”larni koʻrib chiqish edi. Baʼzi mualliflar tushuntirsangiz kamchiligini anglaydi, tuzatishga urinadi, baʼzilari esa adabiyot haqida yetarli tasavvuri yoʻqligi sababli tushunishga ham ojizlik qiladi.

Sheʼrsifat narsalar yozib yurgan yoki ijodga endi qadam qoʻygan yoshlarning bitiklarida eng koʻzga tashalanadigan, oddiy oʻquvchi ham oson sezadigan kamchilik – qofiyadagi ayblardir. Ijod bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan kishi qofiya, vazn, turoq kabi sheʼrning shakliy qonun-qoidalarini bilib olishi kerak. Qofiyadagi kamchiliklar sheʼrning mazmuni, sifati va taʼsir kuchiga putur yetkazishi mumkin. Umuman, bu borada bilim-tasavvurga ega boʻlish oʻqimishli kishi uchun foydadan xoli emas.

Eski
oʻzbek tilining eng ulugʻ targʻibotchisi, milliy adabiyotimizning piri komili Alisher Navoiyning tugʻilgan kuni arafasida adabiyot haqida bilganlarimni yosh ijodkorlar va qiziqqanlar uchun soddaroq tilda tushuntirishni niyat qildim.

Aytgancha, men adabiyot deganda hazrat Navoiydan qolgan, adab doirasidagi asarlarni tushunaman. Axloqsizlik aralashgan asarlarni adabiyot hisoblamayman. Garchi bunday bitiklarni vallomat adabiyotchilar ulugʻlagan, sharhlagan boʻlsa ham. Adabiyot haqida gapirganda ham shu nuqtai nazardan fikr aytishim mumkin. Bu – shaxsiy tanlov.

Demak, boshladik.

Zamonaviy tilshunoslik va adabiyotshunoslik asoschilaridan biri Abdurauf Fitrat qofiyaning sheʼriy misralar bezagi ekani, majburiy sharti emasligini aytadi. Eng muhimi, sheʼr insonni toʻlqinlantirishi, unda fikr va taʼsirlanish uygʻota olishi kerak, deb hisoblaydi olim. Xuddi shunday. Agar shu talabga javob bersa, qofiyasiz ham u yaxshi sheʼr sanalaveradi. Biroq bunday sheʼrlar juda kam, uni chinakam sheʼr sanʼatkorlarigina yoza oladi. Biz biladigan sheʼrlar esa asosan qofiyali, qofiyasiz yozilgani bilan taʼsirlantiruvchi boʻlib qolmaydi. Baʼzida qofiyaning oʻzi ham estetik zavq, tuygʻu uygʻotishi mumkin. Oddiy soʻzlashuv tilida, maqollarda, reklamalarda ham koʻpincha qofiyali jumlalar ishlatiladi. Chunki qofiyali gap tez esda qoladi, ohangdorligi bilan eʼtiborni tortadi.

Mumtoz adabiyotga qofiyaga alohida eʼtibor qaratilgan, hatto bu mavzuga bagʻishlangan “Ilmi qofiya” sohasi shakllangan. Bu boʻyicha kitoblar yozilgan, asarlardan alohida boblar ajratilgan.

Sheʼrdagi qofiya misralar oxirida soʻz, qoʻshimcha, baʼzan esa soʻz birikmalarining ohangdosh boʻlib kelishidir. Bunda tovush yoki bir necha tovushlarning  ohangdoshligi qofiyani hosil qiladi. Masalan, kezdi-sezdi, suzuk-uzuk, yurak-tilak kabi.

Nasriy asarlar va maqollarda ohangdosh soʻzlarni ketma-ket qoʻllash saj deb ataladi.

Qofiyani undosh tovushlar va choʻziq unlilar (o, u) yasaydi. Masalan, biroq va firoq qofiyadosh, lekin zamin va shamol qofiyadosh emas. Chunki birinchi juftlik bir xil undoshga (q) tugayapti, ikkinchi juftlikda esa soʻnggi undoshlar (n, l) turlicha. Sabo va davo qofiyadosh, tilla va kosa qofiyadosh emas. Birinchi juftlikda choʻziq unlilar (o) ohangdoshlik paydo qila olgan, ikkinchi juftlikda esa oxirgi tovushlar (a) qisqa unli boʻlgani sababli ohangdoshlik yuzaga kelmagan.

Oxirgi undosh va unlilar toʻla mos kelsa va ohangdoshlik kuchli boʻlsa, bu toʻq qofiya boʻladi. Biroq va firoq toʻq qofiya hosil qiladi.

Lekin majnun va osmon och qofiyaga ega. Garchi ular bir xil undosh bilan tugagan boʻlsa-da, undoshlardan oldingi unlilar har xil, shu sababli ohangdoshlik kamaygan. Dars va bahs soʻzlari ham shunga oʻxshash. Ikkala soʻz ham bir xil undosh bilan tugagan, lekin ulardan oldingi undoshlar turlicha boʻlgani sababli ohangdoshlik pasaygan.

Soʻz oxiridagi tovush yoki qoʻshimchalar farqlanadigan, lekin umumiy ohandoshlik paydo boʻlgan oʻrinlarda ham och qofiya bor deb sanaladi. Masalan, yaraladimi-saralarini, darchadan-barchaga, hech kim-kessin soʻzlari ham qofiyadoshdir.

Shu oʻrinda bir nozik jihat bor. Qoʻshimchalar ham qofiya yasashga xizmat qiladi. Lekin ularning yolgʻiz oʻzi qofiya yasay olmaydi. Kitoblar va daftarlar soʻzi qofiyadosh emas. Garchi ular bir xil tovush bilan tugayotgan boʻlsa-da, qoʻshimchasiz qismi, yaʼni kitob va daftar soʻzlari soʻngidagi undoshlar (b, r) farqli. Shu bois bu yerda qofiya yoʻq.

Ayni bir xil soʻzlar ham qofiyadosh hisoblanmaydi. Masalan, uchun-nechun, soʻroq-besoʻroq soʻzlari qofiyadosh emas. Chunki qoʻshimcha qoʻshilgan, oʻzgarish kiritilgan boʻlsa-da, ular aynan bitta soʻzdir: soʻroq – be-soʻroq; uchun – ne uchun.

Qofiyaga juda qattiq yopishib olmaslik kerak. Qofiyadagi baʼzi qusurlar, “aybgina”larga koʻz yumsa boʻladi. Muhimi, sheʼrning taʼsirchanligi va toʻkis mazmuni. Qofiyasi toʻq, lekin magʻzi puch sheʼrning qimmati yoʻq. Qofiyasi yoʻgʻ-u, magʻzi bor, taʼsirchanligi kuchli sheʼr chinakam asar sanalaveradi. Yuqorida taʼkidlanganidek, bunday sheʼr yozish ancha mushkul. Muhimi, bu borada “qofiya kelganda maʼno yoʻl beradi” yoʻlidan ketilmasa boʻldi 🙃.

Sheʼrning qofiyasi ham, mazmuni ham zoʻr boʻlsa-chi? Unda bu nur ustiga nur, chinakam sanʼatkorlikdir. Baʼzida usta shoirlar ham bir necha qavatli qofiyalar, soʻz oʻyinlarini qoʻllamoqchi boʻlib, sheʼrni sunʼiylashtirib qoʻyadi. Qofiya bezak ekanini hech qachon unutmaslik kerak. Yoʻqsa, qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarish yoki soʻz oʻynatuvchi huqqabozday harakat qilib qoʻyish mumkin.

Oson yoʻldan borib, doim takrorlanadigan qofiyalarni qoʻllash sheʼrning sifatini tushiradi. Osmon degan soʻzga darrov har on degan soʻzni qofiya qilib keltiravermaslik kerak. Koʻp kitob oʻqish soʻz boyligini oshiradi, soʻz boyligi oshishi esa fikrni aniq, tushunarli, ravon va ortiqcha takrorlarsiz ifodalash imkonini beradi. Demak, yaxshi qofiya topish uchun koʻp oʻqish va yangilikka intilish hissi koʻmak beradi.

Aruz vazni arab tiliga xos xususiyatlarga ega, shu sababli u arabcha va forscha soʻzlarni koʻp qoʻllashni talab etadi. Lekin mumtoz adiblarimiz shu holatda ham yangicha qofiyalarni topa olgan. Atoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur kabi mumtoz adiblarimizning sheʼrlarini shu nuqtai nazardan oʻrganib koʻring. Oʻzingiz ham bunga amin boʻlasiz.

Mening nazarimda, keyingi davr turkiy sheʼriyatida Maxtumquli qofiyalarni yangilashga eng koʻp muvaffaq boʻlgan shoirlardan. XX asr oʻzbek sheʼriyatida esa Shavkat Rahmon bu borada tub burilish yasay olgan deyish mumkin.

Xalq ogʻzaki ijodida, jumladan, dostonlarda ham favqulodda va goʻzal qofiyalarga duch kelasiz.

Albatta, boshqa shoirlar ijodida ham qofiya yangilanishlari bor. Umuman, qofiya tanlash sheʼriyatning darajasini koʻrsatadigan jihat ham emas. Lekin eʼtibor qaratishga, oʻrganishga arziydigan mavzu.

 

Orif Tolib  

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube