Qoʻlning qadogʻi uyaltirmas
Ispan xalq maqollaridan
Maqollar xalq ijodiy tafakkurining quyma, taʼsirli ifodasidir. Yillar, asrlar osha shakllangan, sayqallangan bu loʻnda fikrlarda butun bir xalq yoki elatning fikrlash tarzi, dunyoqarashi, urf-odatu qadriyatlari oʻz aksini topadi. Baʼzida katta bir kitobga sigʻmagan fikr yoki gʻoya toʻrt-besh soʻzdan iborat maqolga jo boʻladi. Bu – xalq donoligidan dalolat.
Jurnalimizning ushbu sonidan boshlab dunyo xalqlari maqollaridan namunalar berib borishni niyat qildik.
- Ranglarda hasad boʻlganida, dunyo qop-qoraga boʻyalardi.
- Ahmoq baliqning dushmani baliqchi emas, xoʻrak.
- Xo-xolab kulgan ahmoqni uzoqdan taniysan.
- Bergan, jim tur! Olgan, gapir!
- Bir paytda uxlash va qorovullik qilishning iloji yoʻq.
- Bitta yolgʻonning nechtalab kiyimi bor.
- Bodomga yetishgandim, chaqaman deb tishdan ayrildim.
- Boshmogʻi siqayotganini har kim biladi.
- Bugun ombor toʻlsa, ertaga toʻrvang toʻladi.
- Vijdoning pok boʻlsa, par toʻshakda yotganday uxlaysan.
- Gunohkor odam koʻp gapiradi.
- Yolgʻonchi aftidan maʼlum.
- Yomon kamonchi oʻzinikini yaralaydi.
- Zaif oyoq yoʻlda pishadi.
- Yoʻlga tushding, yarim yoʻlni bosib oʻtding.
- Koʻylaging bitta boʻlsa, qoʻrquvsiz yashaysan.
- Koʻngil tortgan joyga oyoq tortadi.
- Kunni yomonlama, hali tun choʻkkani yoʻq.
- Koʻr ham, koʻzi ochiq ham adashar.
- Qilgan bozoring toʻrvangdan maʼlum.
- Qochayotgan dushmanga qochgani oʻzim yordam beraman.
- Quyon ovlayotganda nogʻora chalinmaydi.
- Qoʻlning qadogʻi uyaltirmas.
- Moʻynaga yaraydigan tulki tezda yoʻqoladi.
- Munofiq doʻst xanjardan xavfli.
- Ovda ildam boʻlgan oʻljasiz qolmaydi.
- Ot sulini xayol qildi, xoʻjayin egar keltirdi.
- Och boʻri tinch turmaydi.
- Soʻzda har qanday yoʻl yaqin koʻrinadi.
- Toʻlgan qorin bilan ildam boʻlolmaysan.
- Uvada kiyim ichida yaxshi odam bor.
- Oʻlimdan qoʻrqqan yarim-yorti yashaydi.
- Xasis boyning na qarindoshi bor, na doʻsti.
- Hatto yuz yil oʻtmay turib, dunyodan izimiz oʻchadi.
- Shoshilishni sevadigan hammadan ortda qolar.
- Shudgor qilishni bilsang, hamma yer yaxshi.
- El bilan chekilgan tashvish asaldan shirin.
- Eski toʻnka yaxshi yonadi.
- Yalqov ish boshlasa, kun choʻziladi.
Orif Tolib tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 8-sonida chop etilgan.