Qomus nima degani?
Qomus arabchadan olingan boʻlib, asliyatda okean; lugʻat; soʻz boyligi kabi maʼnolarni anglatadi. Izohli lugʻatga koʻra, oʻzbek tilida uch xil maʼnoda qoʻllanadi:
1 Mukammal, toʻliq lugʻat.
Shamsiddin Somiyning “Qomusi turkiy” lugʻati.
2 ayn. Ensiklopediya; ensiklopedik lugʻat.
3 koʻchma Hayotning yoki bilimning biror sohasiga oid toʻliq asar; majmua.
Ogʻzaki xalq ijodining qomusi.
Ey uzoq oʻlkadan kelgan paxtakor,
Soʻzlaring xazina, paxta qomusi.
Gʻ. Gʻulom.
Demak, konstitutsiyaga nisbatan bosh qomus soʻzini ishlatish unchalik toʻgʻri emas. Soʻzning uchinchi, koʻchma maʼnosi biroz mos kelishi mumkin. Lekin konstitutsiyada biror sohaga oid toʻliq qonun-qoidalar aks etmaydi. Koʻpincha asosiy tartib-tamoyillar belgilab beriladi.
Biroq bu ibora tilga kirib ulgurdi. Garchi u ensiklopediya, toʻliq asar mazmunida boʻlsa-da, bugun bosh qomus soʻzini eshitgan kishi konstitutsiya haqida gap ketayotganini tushunadi. Balki, u bilan birga bosh tuzuk yoki tuzuk iborasini ham qoʻllash kerakdir? Amir Temur tuzuklarida tartib-qoidalar, yoʻnalishlar, koʻrsatmalar berilgan. Shu jihatdan, u konstitutsiya atamasiga uygʻun keladi.
Yasoq soʻzi ham qonunlar majmui, qonun maʼnolariga ega. Lekin uning jazo maʼnosi ham bor. Shu sababli uni qoʻllamagan maʼqul.
Xoʻsh, konstitutsiyaga maʼnodosh sifatida yana qaysi soʻzlarni qoʻllash mumkin deb oʻylaysiz? Fikringizni izohlarda qoldiring.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.