“Qoʻshganing bilan qoʻsha qari”
Qisqalik, loʻndalik – yaxshi. Lekin soʻz yoki birikmani oʻylamay qisqartirish mazmunning oʻzgarib ketishiga, baʼzida jiddiy buzilishiga sabab boʻladi.
Sarlavhada berilgan gapning mazmunini hech oʻylab koʻrganmisiz? Maʼnosi juda xunuk, toʻgʻrimi? Baʼzida tanballik va gʻayratsizlik tilga ham taʼsir oʻtkazishi mumkin. Bu jumla ham shuning oqibati.
Jumlaning toʻliqroq varianti – “Alloh qoʻshgani bilan qoʻsha qari”. Bundan ham toʻligʻi va toʻgʻrisi – “Alloh taqdiringni qoʻshgani bilan qoʻsha qari”.
Bu duo-alqash ayniqsa yoshi kattalar tilida koʻp uchraydi. Yoshi ulugʻ, nuroniy kishilar bolasi, nevarasi tengilarga qoʻshilish haqida, agar juda zarur boʻlmasa, gapirmaydi. Bu yerda gap taqdir qoʻshilishi, umr yoʻli birlashishi haqida.
Oʻynab gapirsang ham oʻylab gapir degan maqolning hikmati shu jumla misolida yaqqol koʻrinadi.
Mavzu ochilganda aytib qolay. Bunday qisqartirishlar boshqa jumla va soʻzlarda ham kuzatiladi.
“Alloh nasib qilsa” iborasini baʼzida “Nasib qilsa” deb ishlatamiz. Bu yerda maʼnoda uzilish, buzilish sezilmaydi. Biror narsani Yaratgan taqdir-nasib qilishi haqidagi maʼno jumladan anglashilib turadi.
Yaqin oʻtmishda ismlarni qisqartirishlar koʻp uchragan. Muhammadali Mamadali, Muhammadamin Madamin, Muhammadjon Mamajonga oʻzgartirib aytilgan. Hozir bu odat deyarli yoʻqoldi. Farzandga ikki yoki undan ortiq nomdan tuzilgan ismlarni qoʻyishda shu holatni ham hisobga olish kerak. Ertaga odamlar bu ismni qisqartirib aytsa, bolaga qanday taʼsir qiladi, ota-onaning oʻziga-chi, ulugʻ insonlarning ismi boʻlsa, hurmatsizlik boʻlib qolmaydimi – bular oʻylashga arziydigan sabablar.
Alloh har birimizni oʻzi ham, soʻzi ham toʻgʻri bandalaridan qilsin.
Orif Tolib