Qoʻshimchalar oʻlcham birliklari belgilaridan ajratib yoziladi
Savol:
Foizdan, foizli, foizni soʻzlari qoʻshib yoziladi. Lekin matnda foiz % belgisi bilan ifodalansa, qoʻshimchalar qanday yoziladi: ajratibmi yoki qoʻshibmi? Misol uchun, % ni yoki %ni?
Javob:
Oʻlcham birligining sonli qiymati va belgisi oʻrtasida boʻsh joy qoldirilishi haqida oldinroq yozgan edim. Lekin foiz belgisi matematikada son bilan birga yoziladi: 12%, 20%, 100% kabi. Bu amaliyot boshqa sohalarga ham koʻchib oʻtgan. Matnlar ichida ham shu shaklda yozish urf boʻlgan. Yaʼni son va % belgisi oʻrtasiga boʻsh joy tashlanmaydi.
Qoʻshimchalar esa boshqa oʻlcham belgilari kabi % belgisidan ajratib yoziladi:
10 kg li qutilar jami
qutilarning 70% ini tashkil etadi.
Chizgʻichlarning 80% i saralab chiqildi, koʻpi 30 cm dan kichik ekan.
Ota-onalar majlisiga kelganlarning 90% dan ortigʻi onalar ekan.
Nega bunday? Chunki oʻlcham birligi qisqartma holatida maxsus belgi sanaladi. Birlik toʻliq ifodalanganda soʻzga teng va bunda qoʻshimchalar qoʻshib yoziladi:
10 kilogrammli qutilar jami qutilarning 70 foizini tashkil etadi.
Chizgʻichlarning 80 foizi saralab chiqildi, koʻpi 30 santimetrdan kichik ekan.
Ota-onalar majlisiga kelganlarning 90 foizdan ortigʻi onalar ekan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.