Qoʻshtirnoq va tinish belgilari
Koʻchirma gaplarda boshqalarning gapi yoki oʻz gapimizni ajratib koʻrsatish uchun qoʻshtirnoq ishlatamiz. Muallif gapidan keyin keladigan koʻchirma gaplarda qoʻshtirnoq va nuqta, soʻroq va undov belgilari qanday ishlatilishini koʻrib chiqamiz.
🟢 Nuqta qoʻshtirnoqdan keyin qoʻyiladi:
U dedi: “Shu yoʻldan toʻgʻri ketaversak, shaharga chiqamiz”.
🟢 Soʻroq va undov belgilari qoʻshtirnoq ichida qoladi:
Sherigim soʻradi: “Shu yoʻldan toʻgʻri ketaversak, shaharga chiqamizmi?”
U hayqirdi: “Shaharga yetib keldik!”
🟢 Bu kabi holatlarda matn davom etsa, qoʻshtirnoqdan soʻng boshqa belgi qoʻyilmaydi. Keyingi jumla bosh harfda yoziladi:
Sherigim soʻradi: “Shu yoʻldan toʻgʻri ketaversak, shaharga chiqamizmi?” Men bosh irgʻab tasdiqladim.
U hayqirdi: “Shaharga yetib keldik!” Yoʻlning ikki tomonida koʻp qavatli uylar qad rostlagan edi.