“Ustoza” soʻzi haqida
Oʻzbek tiliga fors tilidan kirgan soʻzlar koʻp va ularning oʻz oʻrni bor. Koʻpi tilimizga singishib, boshqa til soʻzi ekani bilinmaydigan darajaga yetgan. Ustoz soʻzi ham ana shundaylardan. Ildizi oʻrta fors tiliga, undan qadimgi fors tiliga borib taqaladi. Taʼlim beruvchi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi, murabbiy kabi maʼnolarni bildiruvchi bu soʻz erkak va ayol uchun birday qoʻllanaveradi.
Biroq oxirgi paytlarda ayol oʻqituvchilar uchun ustoza soʻzini ishlatish urf boʻldi. Eslatma: oʻzbekchada bunday soʻz yoʻq. Oxiriga -a qoʻshilganda ayol jinsini bildiradigan boshqa soʻz bor: muallima. Juda zarur boʻlsa, shu soʻzni ishlatish kerak.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.