Qoʻshtomoq – kekirdak olmasi
Erkaklar tomogʻidagi boʻrtiq oʻzbekchada nima deb atalashini soʻrashgan edi. Topgan-tutganlarim boʻyicha maʼlumot beraman.
Bu soʻz oʻzbekchada kekirdak olmasi, qoʻshtomoq deyiladi. Lekin bu ikki atama izohli lugʻatga kiritilmagan. Baʼzi manbalarda qalqonsimon togʻay, kekirdak boʻrtigʻi variantlari ham uchraydi.
Bir soʻz bilan atagan qulayroq, shuning uchun menga qoʻshtomoq varianti maʼqul. U ilmiy adabiyotlarda ham qoʻllangan ekan.
A. Diboning “Turkiy tillarning tayanch leksikasi etimologik lugʻati” kitobida yozilishicha, kekirdak olmasi qadimgi turkiy tilda boʻgʻirdaq deyilgan. Hozir tilimizda ishlatiladigan boʻgʻmoq, boʻgʻiz, buqoq, bogʻlamoq, bogʻlam, bogʻich soʻzlari ana shu boʻgʻirdaq bilan oʻzakdosh. Bu soʻzlarning asosi boʻgʻ soʻzidir. Ammo boʻgʻirdaq soʻzi hozirgi oʻzbek tilida ishlatilmaydi.
Qoʻshtomoq ingliz tilida Adamʼs apple deyiladi. Barcha samoviy dinlarga koʻra, ilk yaratilgan inson Odam alayhissalomdir.
Bir taxminga koʻra, goʻyo taqiqlangan mevaning tishlami Odam Atoning tomogʻidan oʻtmay, toʻxtab qolgan va u boʻrtiq hosil qilgan. Shu sababli qalqonsimon togʻayga Odam olmasi deb nom berilgan. Biroq bu maʼlumot diniy asosga ega emas. Baʼzi olimlarning fikricha, tomoqdagi boʻrtmaning Odam olmasi deyilishiga tarjimadagi yanglishlik sabab boʻlgan. Ibroniy tilida adam xuddi oʻzbek tilidagi kabi inson, odam maʼnosini ham beradi. Ibroniycha olma va boʻrtma soʻzlarining talaffuzi ham bir-biriga yaqin. Odamdagi boʻrtiq degan soʻz lotin va boshqa roman tillariga xato oʻgirilgan.
Adamʼs apple atamasi lotincha pomum Adami iborasining kalka tarjimasidir. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, ingliz tilida ilk bor 1662-yili “Anatomiya” kitobi tarjimasida ishlatilgan.
Rus tilida esa bu atamaning bir soʻzdan iborat ifodasi kadыkdir. U turkiy tillardagi qattiq soʻzidan kelib chiqqan. Chunki kekirdak olmasi tomoqning qattiq joyidir.
Orif Tolib