QR kod
Tilimizga yangi tushunchalar kirishi tezlashdi. Chunki butun dunyo jadallashgan, yangiliklar koʻp. Bu jarayonda yangi narsalarga ot qoʻya olmasak, hech qursa, ajnabiy nomlarni oʻz tilimizga, imlomizga moslab olishimiz kerak.
QR kod inglizcha QR code soʻzidan, u esa Quick Response code birikmasining qisqartmasi. Birikma tezkor munosabat kodi degan maʼnoni anglatadi. QR kod shtrix kodning bir turi hisoblanadi. Uni dastlab 1994-yili Yaponiyaning Denso Wave avtomobil kompaniyasi ishlatgan. Oʻz ichiga koʻplab maʼlumotni sigʻdira oladigan ushbu kodni kompaniya mutaxassisi Masahiro Hara ishlab chiqqan.
QR kodlar koʻpincha veb sayt yoki ilovalarga yoʻnaltiruvchi vazifasini oʻtaydi. Hozir u orqali toʻlov qilish ham ommalashib boryapti.
Bu soʻz rus tilida chiziqcha bilan yoziladi. Chunki ruschada har qanday juft yoki sifatlovchili oʻzlashma soʻz orasiga chiziqcha qoʻyiladi. Oʻzbekchada esa bunday emas. Shu sababli QR kod va unga oʻxshash soʻzlarda defis ishlatmaslik kerak. QR qisqartmasi kodning qandayligini bildiryapti, turini koʻrsatyapti. Xuddi qizil olma birikmasida qizil soʻzi olmaning qandayligini sifatlagani kabi.
📌 Demak:
QR kod ✅
QR kod ✅
QR-kod ❌
QR-kod, QR code, QR cod, QR-cod ❌
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.