Raqobat va dushmanlik

Raqobat va dushmanlik

Raqobat soʻzi arabchadan kirgan, asliyatda kuzatish, nazorat maʼnolarini beradi. Oʻzbekchada bellashuv, talabgorlar va korxonalar oʻrtasidagi kurash mazmunida ishlatiladi. Garchi raqib soʻzida dushmanlik, yovlik maʼnosi ham bor boʻlsa-da, raqobat soʻzida bu maʼno yoʻq.

Sogʻlom raqobat iqtisodiyot rivojining bosh mezonlaridan biri ekani allaqachon isbotini topib ulgurgan. Raqobatsiz joyda sifat boʻlmasligiga koʻp guvoh boʻlganmiz, uning salbiy oqibatlarini bilvosita yoki bevosita shaxsan his qilganmiz ham.

Koʻp yillik tajribaga ega bir tijoratchi yaqinim aytgandi: “Yoningda yangi doʻkonlar ochilayotganidan hech qachon qoʻrqmaslik kerak. Men qaytaga xursand boʻlaman. Rost aytyapman. Chin dildan. Hatto aynan men sotadigan molni sotsa ham. Rizq Allohdan. Karvon koʻp – rizqi boʻlak. Aslida yonimdagi raqobatchim nonimni yarimta qilmaydi. Raqobat sabab bir-birimizdan arzonroq sotishga harakat qilamiz. Arzon joyni esa xaridor izlab keladi. Xaridor koʻpayyaptimi? Koʻpayyapti. Endi uzoqroq yerlardan ham odamlar kela boshlaydi. Chunki izlagan tovarini mendan topolmasa, qoʻshnimda bor. Uning koʻngli toʻq. Yon-atrofda menikidan boshqa doʻkon boʻlmasa-chi? Unda kelmasligi ehtimoli ortadi. Shuncha joydan ovora boʻlib borsam-u, izlagan narsam yoʻq boʻlsa deb hafsala qilmasligi mumkin. Shuning uchun raqobatdan qoʻrqmang”.

Bu joʻyali, hayotiy hikmat menda katta taassurot qoldirgan. Ilmda ham, kasb-hunarda ham ayni shu prinsipni tutish kerak. Oʻz sohamizda kuchli raqobatchi boʻlishi bizni izlanishga, bir joyda toʻxtab qolmaslikka majbur qiladi. Masalan, adabiyotni olaylik. Kuchli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar sababli ijod, ijodni tushunish yuksaladi. Yaxshi asarlar koʻpaysa, asta-sekin uning oʻquvchilari ham koʻpayib boradi. Umumiy kitobxonlik yoki adabiy saviyani bitta zoʻr ijodkor yarata olmaydi. Hatto oʻntasi ham ojiz.

Yoki zamonaviy ilm-fanni oling. Bundan yetti-sakkiz yillar oldin bizda dasturchilar kam sonli edi. Sifat va rivojlanish ham shunga yarasha. Bugun malakali mutaxassislar u paytdagiga nisbatan oʻn karra oʻsdi, nazarimda. Hech kim och qolib ketgani yoʻq. Xaridor va buyurtmachilarda tanlash imkoniyati kengaydi, ishlarning sifati oshdi. Albatta, bunda vaqt omili ham yetakchi taʼsir kuchiga ega. Ammo raqobatning hissasi undan koʻp boʻlsa koʻpki, aslo kam emas.

Rahmatli Mahmud Saʼdiy domla yaqin shogirdlarini tobutkashlarim deb atardi. “Qoʻygan otingiz sal sovuqroq-da, domla”, deb eʼtiroz bildirganimda “Qoʻyaver, aslidayam shu-da. Ertaga mening oʻrnimni olib qoʻyadigan odamlarni tayyorlashim kerak”, degandi. Bu – oʻz sohasini chuqur biladigan, oʻziga ishongan va katta maqsadli odamning gapi. Balki, mana shu baland mezoni sababdir, domlaning oʻrnini umrining oxirigacha birov olib qoʻyolmadi, bilim va tajribasiga hamisha ehtiyoj sezildi. Bugun domlani ustoz deb hurmat bilan eslaydiganlar soʻz ahli orasida juda koʻp.

Baʼzida yoshlarning oʻsishiga, rivojlanishiga turli yoʻllar bilan, ochiq yoki yashirin qarshilik koʻrsatadigan kishilarni koʻrib, eshitib qolamiz. Ular – oʻziga ishonmaydigan, ertaga mansabini yoki tirikchilik manbaini yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqadigan layoqatsiz odamlardir. Agar ularda yuqorida eslaganim oʻrta maʼlumotli tijoratchining dunyoqarashi, oʻn qadam narini koʻra olish qobiliyati boʻlganda, bu yoʻlni tutishmasdi deb oʻylayman.

Stomatologiya yoʻnalishida oʻqigan bir ukam aytgandi. Domlalar talabani iloji boricha amaliyot jarayoniga yaqinlashtirmaslikka harakat qilar ekan. Ayniqsa, implant qoʻyishga oʻxshash xizmat narxi qimmat, yaxshi mutaxassisi kam ishlarni oʻrgatmas ekan. Bunday holatlarda talaba biror joyga arz-dod qilmaydi, chunki dodi qayergacha borishini yaxshi biladi. Albatta, bunday gaplar halol va fidoyi domlalarga ogʻir botadi. Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Hatto kurmaklar baʼzida guruchdan ham koʻp boʻlishi mumkin.

Toʻgʻri, hech kim oʻz raqobatchisiga yordam bermaydi va bu tabiiy. Lekin sogʻlom raqobat, halol munosabat va oʻzaro hurmatning oʻzi juda katta yordam. Qayerda shu tarzdagi raqobat boʻlsa, soha oʻz-oʻzidan taraqqiy etadi.

Usmon Azimning teran bir hikmati bor: “U zamonlarda yov ham mard boʻlgan ekan”. Qarang, hatto bir-biriga dushmanlik qilayotganlar ham oʻzaro munosabatda mardlik koʻrsatishi mumkin. Agar odamning munosib mezoni, boʻyidan balandroq oʻyi boʻlsa. Raqobat esa yovlik emas. U musobaqa. Halol bellashuv.

Gʻirrom raqobat, oʻzini rivojlantirishga emas, boshqalarni sindirishga qaratilgan harakat dushmanlikdir. Oʻziga va boshqalarga dushmanlik.

Oʻzidagi gʻayirlikni, xudbinlikni, oʻzimboʻlaychilikni yenga oladigan baland odamlar koʻpaysin. Rivojlanaylik, hayotimiz yaxshilanaversin.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube