Rassom toʻqigan “robot”

Koʻpchilik bu soʻzni mashhur chex yozuvchisi Karel Chapek oʻylab topgan deb hisoblaydi, chunki u 1920-yili dunyo yuzini koʻrgan “R. U. R.” (Rossumning universal robotlari) nomli ilmiy-fantastik pyesasida ilk bor ishlatgan. Ammo soʻzning asl ixtirochisi Karel emas, uning akasi – rassom Yozef Chapek.
Karel oʻz pyesasidagi sunʼiy ishchilarni dastlab labori deb nomlamoqchi boʻlgan, bu soʻz lotincha labor (mehnat) soʻzidan yasalgan edi. Lekin bu nom unga juda kitobiy va quruq tuyulgan. U bu masalada rassom akasi Yozefdan maslahat soʻraydi. Yozef sunʼiy odamlarni robotlar deb atash taklifini beradi. Bu atamaga asos boʻlgan robota soʻzi chex tilida majburiy va ogʻir mehnat, qullarcha mehnat kabi maʼnolarni anglatadi. Yaʼni robot soʻzi zamirida erksizlik va majburiyat mazmuni yotadi. Qadimgi slavyan tillarida robota qullikni bildirgan. Shu oʻrinda ruschadagi rabota – ish soʻzi yodingizga tushdimi? Toʻgʻri oʻyladingiz, u ham, robot soʻzi ham ana shu qadimgi slavyancha ildizga borib taqaladi.
🟢 Yana bir qiziq fakt: Chapekning pyesasidagi robotlar bizning tushunchamizdagi odamsimon temir mexanizmlar emas. Ular maxsus fabrikada “yasalgan” odamlar. Asardagi robotlarning asosiy vazifasi insoniyatga xizmat qilish boʻladi, ammo ular keyinchalik oʻz ixtirochilariga qarshi isyon koʻtaradi.
Xullas, robot soʻzi bir rassomning tasodifiy taklifi bilan dunyoga keldi, soʻng texnologiya va fantastika olamining ajralmas qismiga aylandi.
Robot haqidagi hozirgi tasavvurlarga mos obraz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida bor. Asarda odamga juda oʻxshash, qoʻlida oʻtkir oʻq tortilgan temir yoy ushlagan, boshidan oyoq sovutga oʻralgan temir odam tasvirlanadi va temir paykar ekani aytiladi.
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.