Rasul Hamzatov. Faqat ozodlikda bordir baxt, maʼno

Rasul Hamzatov. Faqat ozodlikda bordir baxt, maʼno

Ikkita sholroʻmol

 

Koʻklam arafasi, ajoyib bir kun

Oʻzga el-yurtlardan esdalik deya

Ikkita oq roʻmol olib kelgandim –

Ikki ayol uchun kamtar bir hadya.

 

Mudom tushuniksiz turmushning kori:

Qarang, biri soʻlib, biri kulibdi:

Birisini tashlab ketibdi yori,

Ikkinchisin yori qaytib kelibdi.

 

Birinchisi – togʻda yashagan ayol –

Ayriliqda bagʻri kuyib boʻlgan kul –

Oppoq sholroʻmolni yaldo tun misol

Qop-qora ranglarga boʻyamish butkul.

 

Unisi – ovulda makon tutgani –

Baxtga toʻlib, dildan shodlangan ayol

Quvonchin ifoda etmishdir, yaʼni

Qirmizi ranglarga chulgʻanmish roʻmol.

 

Xattaxtaga oʻxshar inson manglayi,

Unga bitilmishdir taqdir, qismati.

Mening koʻz oʻngimda turadi doim

Sholroʻmolli ikki ayol surati.

 

Umidu hadik va muhabbat, ozor,

Iztirobu quvonch rangiga axir

Soʻzlarni boʻyadim necha bor, takror,

Har joyda ularga boʻldim men asir.

 

 

Qoʻshiq

 

Otangiz janglarda toʻkkan edi qon,

Siz bugun boʻy yetgan, zabardast oʻgʻlon.

Chunki tinim bilmas bu yillar – daryo,

Oʻgʻillar, bizlarni unutmang aslo.

 

Yerlarga siyohmas, toʻkilgandi qon,

Egarda bitilgan bu shonli doston.

Satrlar ol rangga boʻyalmish goʻyo,

Oʻgʻillar, bizlarni unutmang aslo.

 

Sizning yoshingizda qoʻshinni boshlab,

Jang qildik dushmanning koʻzini yoshlab.

Qilich edik, qinday yutdi yer – yuho,

Oʻgʻillar, bizlarni unutmang aslo.

 

Qoʻrqmadik mayda gap-soʻzdan hech mahal,

Doʻst uchun jon berdik mardona, dangal.

Otalar bizlardan boʻldilar rizo,

Oʻgʻillar, bizlarni unutmang aslo.

 

Siz ham asragaysiz biz asraganni,

Omonatday saqlang bu hur Vatanni.

Faqat ozodlikda bordir baxt, maʼno,

Oʻgʻillar, bizlarni unutmang aslo.

 

Oqil boʻling, togʻday uzoqni koʻring,

Oʻt boʻling, dengizday guvrab, joʻsh uring.

Halolu pok boʻling, sizga yor Xudo,

Oʻgʻillar, bizlarni unutmang aslo.

 

 

Agar…

 

Agar senga sovchi qoʻyish-chun

Tayyor tursa mingta xaridor,

Oʻshalarning ichida, bilgin,

Shak-shubhasiz, Rasul Hamzat bor.

 

Agar senga yuz nafar yigit

Koʻpdan boʻlsa beqaror shaydo,

Shu yuz yigit ichida albat

Boʻlajakdir Rasul ham paydo.

 

Agar seni oʻn nafar oshiq

Sevsa jonin oʻtlarga otib,

Ushbu safdan joy olar aniq

Shod va gʻamgin Rasul Hamzatov.

 

Agar faqat bitta chin majnun

Qolar boʻlsa ahdga vafodor,

Oʻsha sodiq oshiqni, bilgin,

Togʻlik Rasul atarlar, dildor.

 

Agar seni sevmasa hech kim,

Yashar boʻlsang alamlar yutib,

Demak, togʻlar bagʻriga bu dam

Koʻmilibdi Rasul Hamzatov.

 

 

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Oʻylamay, fikr qilmay,

Kulsa hech toʻxtov bilmay,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Kuni oʻtsa tuygʻusiz,

Butun umri qaygʻusiz,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Hattoki tilak chogʻi,

Ochilmasa qovogʻi,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Oʻtsa yonib suymasdan,

Oʻpich taʼmin tuymasdan,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Ishq, rozda boʻlib suyuq,

Bilmasa oʻlchov, tiyiq,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Xushomad-la iydirib,

Ketsa sotib, kiydirib,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Kelsa-yu magʻrur, poʻrim,

Qadahi qolsa yarim,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Odamlar koʻp joyda ham

Ichsa bilmasdan toʻxtam,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Yurtidan badar ketsa,

Ota uyin unutsa,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Birovlarning mehnatin

Bilmasa qadr-qimmatin,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

Vaʼda berib, soʻz aytib,

Olaversa soʻng qaytib,

Shuyam erkak boʻldimi?

 

 

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2015-yil 11-sentyabr (№37) sonida chop etilgan.

 

 


Rasul Hamzatov 1923-yil 8-sentyabrda Dogʻistonning Xunzax tumanidagi Sada ovulida Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasa xonadonida dunyoga keldi. Oʻrta maktabni bitirgach, Avar pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi va uni 1939-yili tamomladi. 1941-yilga qadar maktab oʻqituvchisi, teatrda rejissyor yordamchisi, gazeta va radioda jurnalist boʻlib ishladi. 1945-1950-yillari Moskvada Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutida taʼlim oldi.

Shoir 1932-yillardan, oʻn-oʻn bir yoshlaridan sheʼr yoza boshlagan. Ijodiy ishlari ilk bor 1937-yili mahalliy avar gazetasida bosilgan. Dogʻiston yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻlganida bor-yoʻgʻi yigirma yoshda edi. Rasul Hamzatovning ona tilidagi birinchi kitobi – “Olovli sevgi va alamli nafrat” 1943-yili chop etilgan.

Rasul Hamzatov bir qator adabiy nashrlar, xususan, “Novыy Mir” (“Yangicha dunyo”), “Drujba narodov” (“Xalqlar doʻstligi”) jurnallari, “Literaturnaya gazeta” (“Adabiyot gzetasi”), “Literaturnaya Rossiya” (“Rossiya adabiyoti”) gazetalari tahrir hayʼati aʼzosi boʻldi. 1951-yildan umrining oxirigacha Dogʻiston yozuvchilar uyushmasini boshqardi.

Rasul Hamzatov asarlari oʻndan ortiq tilga oʻgirilgan. Avar, rus va butun dunyo tillarida oʻndan ortiq sheʼriy, nasriy va publitsistik kitoblari millionlab nusxalarda nashr etilgan. “Yuragim togʻlarda” (“V gorax moye serdse”), “Yuksakdagi yulduzlar” (“Vыsokiye zvezdы”), “Doʻstlarni asrang” (“Beregite druzey”), “Turnalar” (“Juravli”), “Oʻchoq boshida” (“U ochaga”), “Bitiklar” (“Pismena”), “Soʻnggi baho” (“Poslednyaya sena”), “Rivoyat” (“Skazaniya”), “Hayot gʻildiragi” (“Koleso jizni”), “Kavkazning boʻronli kunlari haqida” (“O burnыx dnyax Kavkaza”), “Avji tushdagi jaziramada” (“V poldnevnыy jar”), “Dogʻistonim mening” (“Moy Dagestan”), “Ikkita sholroʻmol” (“Dve shali”), “Meni sevgi qonuni-la jazola” (“Sudi menya po kodeksu lyubvi”), “Sonetlar” (“Sonetы”) kabi kitoblar shular jumlasidan.

Yozuvchi 2003-yil 3-noyabrda Moskva klinik shifoxonasida dunyodan koʻz yumdi. Mahachqalʼaning Tarki tumaniga, Tarkitov togʻ tizmalari etagidagi musulmonlarning qadimiy qabristoniga dafn etildi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube