Read between the lines
Tarjimada eng qiyini – iboralarni oʻgirish. Chunki biror harakat va holatni ifodalovchi ibora boshqa bir tilda umuman boʻlmasligi ham mumkin. Inglizchadan tarjima qilingan bir matn tahririda shunday holatga uchradim. Inglizcha read between the lines iborasini tarjimon qatorlar orasidan oʻqing deb tarjima qilibdi. Soʻzma-soʻz shunday, lekin oʻzbekchada bu soʻzlar koʻzlangan maʼnoni mutlaqo ifodalamaydi.
Kembrij lugʻatiga koʻra, bu ibora biror kishining aytgan gapi yoki yozganlaridan uning haqiqiy his va niyatlarini anglab olishni bildiradi. Boshqa taʼrifga asosan, bevosita aks etmagan, lekin soʻzlar orasiga jo boʻlgan maʼnoni tushunib olishni ifodalaydi.
Rus tilida bu iboraga shaklan mos chitat mejdu strok degan ibora bor. Maʼnosi inglizcha idioma bilan bir xil. Nazarimda bu ibora rus tiliga ancha oldin kirgan, chunki Pushkin ham uni ishlatgan ekan.
Xoʻsh, uni oʻzbekchaga qanday tarjima qilish kerak? Oʻzbekchada aynan shu maʼnoni ifodalovchi ibora yoʻq, lekin mazmunni bemalol aks ettirish mumkin. Oʻrniga qarab bu iborani magʻzini chaqmoq, payqamoq, uqmoq, fahmlamoq, asli maʼnoni oʻqimoq kabi soʻzlar bilan oʻgirish mumkin.
Men tahrir qilgan matnda bu ibora ichki sarlavha boʻlib kelgan. “Qatorlar orasidan oʻqing” deb tarjima qilingan jumlani “Mohiyatni his qiling” deb tahrirladim. Chunki bu yerda bola bergan savollar aslida nimani anglatishi va shunga koʻra ish tutish haqida soʻz boradi.
👉 Bu iborani yana qanday oʻgirish mumkin deb oʻylaysiz? Tarjima jarayonida shunday holatlarga duch kelganmisiz? Izohlarda qoldiring.
P. S. Imkoni boʻlsa, iborani ibora, maqolni maqol bilan oʻgirish kerak. Imkoni yoʻq holatlarda esa mazmunni berish zarur. Oʻzbekchadagi juda koʻp ibora va tushunchalarni ham boshqa tillarda ifodalash qiyin. Buni oʻzbekchadan oʻgiradigan tarjimonlar yaxshi biladi. Oʻzbekchaga tarjima qiladigan odamga baʼzan oʻzbek tili ojizdek koʻrinishi mumkin. Aslida bunday emas. Har qanday tilga oʻgirayotgan tarjimon qiyinchilikka uchraydi va bu tabiiy.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.