Restoranga borib, bir tiklanib kelay

Restoranga borib, bir tiklanib kelay

1765-yili parijlik Bulanje (Boulanger) ismli kishi oshxonasining kirish qismiga lotin tilida “Venite ad me omnes, qui stomacho laboratis et ego restaurabo vos” deb yozib qoʻyadi. Maʼnosi: oshqozoni qiynoqqa solayotgan hamma huzurimga kelaversin, kuchingizni tiklab joʻnataman.

Bulanjening arzon va totli taomlari xoʻrandalar orasida shuhrat qozonadi. Kunda-shundalar bu yerga peshlavhaladagi jumlaga ishora qilib “Tiklovchi” deb ot
qoʻyib
olishadi. Tiklovchi fransuzchada restaurant boʻladi, u restaurer – mustahkamlamoq, kuchini tiklamoq, tetiklashtirmoq feʼlidan yasalgan. Shunday qilib yangi atama – restoran tilga koʻchadi. Bu soʻzni dastlab shu oshxona mijozlari, keyinroq butun Parij, soʻng esa butun dunyo ishlata boshlaydi.

Restoran hozirgi tushunchada XX asr boshlaridan keng qoʻllana boshlagan.

Ingliz tilida restore soʻzi bor, u ham tiklamoq degan maʼnoni anglatadi. Hozirgi tilimizda ishlatiladigan restavratsiya soʻzi qadimgi yodgorliklarni tiklashni anglatadi. Bu soʻzlar ham restoranga qarindosh. Ularning bari lotincha restaurāre – tiklamoq, yangilamoq soʻziga borib taqaladi.

Hozir restoranga borib tiklanib kelmaysiz, aksincha, restoranga borishdan oldin tiklanib, belni mahkam qilib olish kerak 😉😎.

 

Orif Tolib  

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube