Yo qoʻshib, yo chiziqcha bilan yozilsin
Alifbo isloh qilingach, imlo qoidalariga ham tuzatish va oʻzgartirishlar kiritilishi aytilgan edi. Alifbo islohini kutib oʻtirmay, bu boʻyicha takliflarimni sahifada berib bormoqchiman. Oʻychi oʻyini bitirguncha tavakkalchi ishini bitiribdi.
Imlo qoidalaridagi boʻshliqlar, baʼzi xilmaxilliklar tushunmovchiliklarga sabab boʻlyapti. Masalan, xilma-xil soʻzi chiziqcha bilan, lekin xilmaxillik soʻzi qoʻshib yozilishi koʻpchilikda savollar uygʻotyapti. Chunki shunga oʻxshash boshqa soʻzlar chiziqcha bilan yozilgan-da!
Imlo lugʻatida xilmaxillik tarzida berilgan soʻz izohli lugʻatda xilma-xillik shaklida yozilgan. Bunga oʻxshash boshqa misollarni ham keltirish mumkin.
2013-yilgi imlo lugʻatlarida rangbaranglik soʻzi qoʻshib yozilgan. Bu soʻz izohli lugʻatda yoʻq.
Qarama-qarshilik, qasdma-qasdlik soʻzlari esa chiziqcha bilan yozilgan. Izohli lugʻatda qarama-qarshilik chiziqcha bilan berilgan, qasdma-qasdlik soʻzi esa lugʻatga kiritilmagan.
Ketmaketlik kiril imlosidagi lugʻatda qoʻshib, lotinchasida chiziqcha bilan yozilgan. Bu soʻz izohli lugʻatda yoʻq.
❗️ Xoʻsh, men nimani taklif qilmoqchiman?
Imlo qoidalarining “Qoʻshib yozish” boʻlimiga quyidagicha band kiritish:
👉 Qismlari –ma, ba- yordamida birlashgan soʻzlardan hosil boʻlgan yasama soʻzlar qoʻshib yoziladi: xilmaxillik, ketmaketlik, qaramaqarshilik, qasdmaqasdlik, rangbaranglik kabi.
Yoʻq, chalkashtirmaylik, hamma joyda chiziqcha boʻlsin, deydigan boʻlsak, “Chiziqcha bilan yozish” boʻlimiga mana bunday band qoʻshamiz:
👉 Qismlari –ma, ba- yordamida birlashgan soʻzlardan hosil boʻlgan yasama soʻzlar chiziqcha bilan yoziladi: xilma-xillik, ketma-ketlik, qarama-qarshilik, qasdma-qasdlik, rang-baranglik kabi.
Xullas, aniq-tiniq qoida boʻlsin. Turfaxillik boʻlmasin.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.