Sablya emas, qilich

Sablya emas, qilich

Bugun OAVda bir xabarga koʻzim tushdi, sarlavhasi:

Oʻzbekistonlik sablyachilar Jahon kubogi bosqichida yuqori natijalarni qayd etdi

 

Iye, bu sablya degan ruscha soʻz atama sifatida olinganmikan deb manba qaradim. Yoʻq, olinmagan ekan. Odamlar tarjimasini topolmay, shunday oʻgirgan ekan. Qilichbozlik federatsiyasi saytida ham, oʻzbekcha Vikipediyada ham yanglish tarjima varianti berilgan.

Xoʻsh, toʻgʻrisi qanaqa boʻladi? Milliy ensiklopediyaga koʻra, qilichbozlikda musobaqalar rapira, qilich, shamshir (shpaga) sport qurollari vositasida oʻtkaziladi. Ana shu sport qurollariga koʻra qilichbozlik turlarga ajratiladi. Ruscha сабля soʻzi bu oʻrinda qilich deb oʻgirilgan. Shpaga soʻziga shamshir varianti tanlangan. Menimcha, sablya soʻzini shamshir tarjima qilish kerak edi. Chunki hozirgi holatida qilichbozlikning qilich turi deb oʻgirishga toʻgʻri keladi. Shpagani esa nayzaqilich deb oʻzbekchalashtirsa yoki oʻzini qoldirsa boʻlardi.

👉 Mabodo bu soʻzlar atama sifatida olib boʻlingan desak, ensiklopediya variantidan foydalanavergan maʼqul. Oʻzbekchaga oʻzlashmagan ruscha soʻzni ishlatmaslik kerak.

❗️ Sablyani olaveraylik deyilsa-chi? Unga hojat yoʻq-da. Bu soʻzni oʻzbekchada qilich, shamshir soʻzlari ifodalaydi.

Demak, qilichbozlik sportida uch shakldagi musobaqa oʻtkaziladi: rapira, qilich, shamshir.

Qilichbozlikning sablya turi, qilichbozlikning sablya yoʻnalishi

Qilichbozlikning qilich turi, qilichbozlikning qilich yoʻnalishi

 

 

Yuqoridagi jumlani esa bunday tahrirlash mumkin:

Oʻzbekistonlik qilichbozlar Jahon kubogi bosqichida yuqori natijalarni qayd etdi

Musobaqaning qilich yoʻnalishi haqidagi maʼlumot matnda berilaveradi.

 

@oriftolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.