Sanani qoʻshtirnoqqa olmaslik kerak
Savol:
Rasmiy hujjatlarda sananing qoʻshtirnoqqa olinishi toʻgʻrimi? Masalan:
“21” fevral 2022 y. | “21” fevral 2022 y.
“__” fevral 2022 y. | “__” fevral 2022 y.
Javob:
Bu shaklda yozish ruschadan oʻtgan. Lekin hozir rus tilida ham deyarli bunday qoʻllanmaydi. Mutaxassislarga koʻra, faqat qoʻlda toʻldiriladigan oʻrinlarda qoʻshtirnoqdan foydalanish mumkin.
Oldinlari sana nega qoʻshtirnoqqa olingan? Maqsad boʻsh joyni yopish boʻlgan, yaʼni qoʻshtirnoq qoʻyilgach, sanani oʻzgartirish imkoni yoʻqolgan. Hozir muhim hujjatlar asosan kompyuterda teriladi va qoʻshtirnoq qoʻyishga ehtiyoj yoʻq. Hujjat almashinishi elektronlashib borgani sari ularni qogʻozga chiqarish ham ortiqcha boʻlib qoladi.
Men kun raqami qoʻlda yozib qoʻyiladigan hujjatlarda ham sana qoʻshtirnoqqa olinmasligini toʻgʻri deb bilaman. Har narsani orqa-oldiga qaramay koʻchiravermaslik kerak.
👉 Demak, hujjatlarda sanani qoʻshtirnoqqa olmaslik kerak:
21-fevral 2022 y.
📌 Sanani manavi shaklda yozish yanayam oʻzbekcharoq boʻladi:
2022-yil 21-fevral
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.