“Sentyabr”mi yo “sentabr”?
Har bahorda shu boʻlar takror, deganlaridek, yana shu mavzu trendda. Aslida imlomizda bu kabi muammolar koʻp. Lekin “sentyabr”mi yo “sentabr” masalasi kuchliroq, qamrovi kengroq. Chunki maktablar sentyabr oyida yangi oʻquv yilini boshlaydi va oʻqituvchilar shu soʻzning imlosiga deyarli har kuni duch keladi.
Darsliklarda ham xilmaxilliklar bor. Oxirgi 5–10-yilda nashr etilgan darsliklarda sentabr, sentyabr, oktabr, oktyabr variantlari aralash ishlatilgan boʻlsa, Milliy oʻquv dasturi asosida yaratilgan darsliklarda, jumladan, men muharrir yoki musahhih boʻlgan darsliklarda bir xil – sentyabr, oktyabr variantlari ishlatildi. Bu yil nashr qilingan darsliklarda esa sentabr, oktabr varianti tanlanibdi.
Hozircha bu soʻzning har ikki varianti toʻgʻri. Albatta, chalkashmaslik, chalkashtirmaslik uchun bitta variantni tanlagan maʼqul. “Daryo” nashrida chop etilgan maqolamda bu kabi tushunmovchiliklarga mutasaddilardan aniq yechim soʻragan edim. Ammo yechim berilmadi. “Alifbo isloh qilinsa, bu masala ham hal boʻladi”, degan javob boʻldi. Alifbo islohi esa qolib ketdi.
Bu masalada janjallashayotgan, bahslashayotganlarga vaqtlarini behuda sarflamaslikni maslahat bera olaman xolos. Oʻqituvchilar esa bitta variantni tanlab davom etaverishlari, mabodo ikki variantdan qay biri toʻgʻriligi haqida savol soʻralsa, hozircha ikkovi ham toʻgʻri ekanini aytishlari mumkin. Yoki oʻzlari maʼqul koʻrgan yoʻlni tutishadi.
Mavzuga aloqador maqolalarga havolalar beraman. Qiziqqanlar tanishib chiqishi mumkin:
👉 Muhokamalarning “sevimli” savoli: “sentabr”mi yoki “sentyabr”?
👉 Egasi yoʻq muammo: imlodagi chalkashliklarga yechim kerak
👉 Munosabat va ochiq qolgan savol