Shamolga sovrilgan parlar
Tili yomonligi bilan mashhur bir kishi donishmandning oldiga kelib maslahat soldi:
– Hamma tilimni tiya olmasligimni gapiradi, hatto igʻvogar deb ot ham qoʻyib olishgan. Toʻgʻrisini aytganda, hayotim davomida tilimga erk berib yashadim. Oʻylamay gapirgan gaplarimni qanday qilib zararsizlantirsam boʻladi, bu holni tuzatishning iloji bormi?
Donishmand javob berdi:
– Manavi partoʻshakni olib, eng baland tomga chiq va uni shamolda toʻzgʻitib yubor. Keyin mening yonimga kel, seni kutib turaman.
Boyagi kishi bu topshiriqni tezlik bilan bajaribdi va bundan xursand boʻlib, oʻziga ishonchi ortib donishmandning oldiga keldi:
– Boʻldimi, hamma xatolarimni tuzatdimmi?
– Yoʻq, – dedi donishmand, – bu hali boshlanishi edi, xolos. Endi borib barcha parlarni bitta qoʻymay terib kel.
Odam donishmandga hayron qarab qoldi, soʻng bu darsdan kelajak hayotiga yaxshi bir saboq oldi.
Orif Tolib
“Islom nuri” gazetasining 2019-yil 18-sonida chop etilgan.