Shaxsiy issiq nuqtalar
Hozir til masalalariga bagʻishlangan guruhimizga shu rasmni tashlab qolishdi. Jahon chempionatiday katta musobaqa uchun banner tayyorlanganda bu darajada tarjima qilish kerak emas-da. Inglizcha hotspot atamasi issiq nuqta deb oʻgirilibdi. Personal hotspots – shaxsiy issiq nuqtalar. Kulasan, ortidan alaming keladi.
Qarang, jumlani Tilmoch qanaqa tarjima qilgan:
The use of personal hotspots is strictly prohibited!
Shaxsiy mobil aloqa nuqtalaridan foydalanish qatʼiyan man etiladi!
Bu esa Google tarjimon varianti:
Shaxsiy ulanish nuqtalaridan foydalanish qatʼiyan man etiladi!
Gap mobil qurilmadagi internetni boshqalarga tarqatish haqida ketyapti. Yaʼni telefoningizdagi internetga boshqalar ulanishi uchun yoʻl ochib berasiz. Mana shu funksiyaning inglizcha nomi – hotspot.
Guruhda biroz bahs ham boʻldi. Inglizchasining oʻzini qoldirish fikri ilgari surildi. Chunki koʻpchilik tushunadi. Balki. Lekin bu atamani bemalol tarjima qilish mumkin. Ruschasiga eʼtibor bering, ruslar asliyatdan olib qoʻya qolmagan, oʻgirgan: tochka dostupa. Oʻzbekchada shu ruscha variantini ishlatadiganlar ham koʻp. Sababi telefoni yoki planshetiga oʻzbekcha oʻrnatmaydi. Vaholanki, hozir juda koʻp smartfonlarda oʻzbekcha talqin bor. Masalan, mening telefonimda bu atama ulanish nuqtasi deb berilgan.
Turklar erişim noktası deb oʻgirgan ekan.
Oʻzbekchada ham ulanish nuqtasi, ulashish nuqtasi, tarqatish nuqtasi, tarqatma nuqta kabi tarjima qilish mumkin. Koʻpdan koʻp fikr chiqadi. Bundan yaxshiroq variantlar ham topilishi mumkin.
Mabodo tilga singmasa, atamaning asli – inglizcha variantini oʻzbekcha imloga moslab olish mumkin.
Atamalarni oʻzbekchalashtirish zamon bilan qadamma-qadam yurmas ekan, tilimiz zaiflashib, imkoniyatlari kamayib boraveradi. Bu ketishda uning ifoda salohiyatiga hatto oʻzimiz ham ishonmay qoʻyamiz.