Sinov darvozasi
Qadim zamonda bir podsho vazirlikka munosib kishi qidira boshladi. Eng yaxshi nomzodni tanlash uchun bir sinov oʻylab topdi. Saltanatidagi eng katta darvozani qalʼaga keltirishlarini buyurdi. Bu ulkan temir eshikni koʻrganlar hayratdan yoqa ushladi.
Saroy aʼyonlari, turli amaldorlar, donishmandlar yigʻilgan majlisda podsho shunday dedi:
– Katta darvozani koʻrgan boʻlsalaring kerak. Uni bekorga olib kelmadim. Uning eshigini ocha bilgan kishini vazir lavozimiga tayinlayman.
Aʼyonlar darvozaga yaqin ham bormadi. Shuncha odamning oldida sharmanda boʻlishni oʻzlariga ep koʻrmay, bu yogʻi nima boʻlar ekan deb kuzata boshlashdi. Donoligi bilan nom qozongan baʼzi bir kishilar darvozani bir qur aylanib koʻrdilar-u, ammo eshikni ochishga harakat qilmadilar. Koʻpchilikning hafsalasi pir boʻldi: donishmandlar voz kechgan ishga urinishdan ne naf!
Biroq shu payt bir yasovul podshodan izn soʻradi. Ruxsat olgach, dadil borib dastani tortdi: eshik osongina ochildi. Darvoza hatto qulflanmagan ham ekan. Shunchaki oʻz holicha yopib qoʻyilgan ekan.
Yasovul oʻziga ishonchi, dadilligi tufayli yuksak MARTAbaga erishdi.
Hayotda aynan shunday vaziyat uchrashi amrimahol boʻlsa-da, shunga oʻxshash holatlarga tez-tez duch kelib turamiz. Tavakkalchilik, ikkilanmay olgʻa qadam tashlash bizga muvaffaqiyat keltirsa, jurʼatsizligu qatʼiyatsizlik afsus va attanglarga sabab boʻladi.
Orif Tolib
“Maʼrifat” gazetasining 2016-yil 26-noyabr sonida chop etilgan.