Soʻngi yoki soʻnggi?

Soʻngi yoki soʻnggi?

Oxiri ng harfi bilan tugagan va qoʻshimcha qoʻshilgan soʻzlarni yozishda chalkashliklarga yoʻl qoʻyiladi. Masalan, soʻngi – soʻnggi, tongi – tonggi. Bunga asosiy sabab – ng tovushini ikkita harf bilan ifodalash. Bitta tovushni yozuvda ikkita harf bilan ifodalanishi shunaqa muammolarni keltirib chiqaradi.

Xoʻsh, adashmaslik uchun nima qilish kerak? Masalaning mohiyatini anglab olish uchun baʼzi qoidachalarga amal qilsak boʻldi:

 

1️⃣ Ng ni bitta harf deb tasavvur etish kerak.

2️⃣ Ng bilan tugagan soʻzni alohida ajratib olib, unga qaysi qoʻshimcha qoʻshilayotganini aniqlash zarur.

3️⃣ Ng bilan tugagan soʻzlar
oʻrniga ularning sinonimlarini xayolan qoʻyib koʻrsa boʻladi.

 

📌 Masalan:

 

Darsning soʻngi. Bu xuddi darsning boshlanishi deganga oʻxshash birikma. Boshlanish soʻzidan keyin bitta -i egalik qoʻshimchasi qoʻshilyapti. Soʻng soʻzidan keyin ham bitta qoʻshimcha bor, demak, soʻng + i = soʻngi boʻladi.

Endi sinonim bilan alishtirib koʻramiz. Soʻng soʻziga oxir soʻzi sinonim. Darsning oxiri birikmasidagi oxir soʻzi oʻrniga soʻngni qoʻyamiz: darsning soʻngi.

 

Soʻnggi imkoniyat. Bu xuddi oldingi imkoniyat deganga oʻxshash birikma. Oldin soʻzidan keyin -gi soʻz yasovchi qoʻshimchasi qoʻshilyapti. Soʻng soʻzidan keyin ham shu qoʻshimcha turibdi, demak, soʻng + gi = soʻnggi boʻladi.

Endi maʼnodosh soʻzdan foydalanamiz. Soʻng soʻziga oxir soʻzi sinonim. Oxirgi imkoniyat birikmasidagi oxir soʻzi oʻrniga soʻngni qoʻyamiz: soʻnggi imkoniyat.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.