Takror soʻzlar va takrorlangan soʻzlar imlosi
Imlo qoidalariga koʻra, takror soʻzlar chiziqcha bilan yoziladi: ming-minglab, bitta-bitta, bitta-bittalab, uy-uyiga, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi.
Masalan:
Ot minmagan ot minsa,
Chopa-chopa oʻldirar.
Maqol
Keta-ketguncha shu gapni qaytardi-ya!
Bu gapni eshitib, ich-ichidan sevindi.
Keyinchalik bu qiyinchiliklarni kulib-kulib eslaymiz.
Biroq oʻzi takror soʻz boʻlmay, gapda takrorlanadigan soʻzlar ham bor. Bunda takrorlanuvchi soʻz orasiga vergul qoʻyiladi:
Qani, qani, mehmonlarning qoʻliga suv quyvoringlar.
A. Obidjon.
Rahmat, rahmat, oʻzlari koʻraversinlar.
E. Aʼzam.
Bas, bas! Buyogʻini eshiting, opa.
Sh. Xolmirzayev.
Yoʻq, yoʻq, men aslo bunga rozi boʻlmayman!
Takror soʻzlar va takrorlangan soʻzlarni qanday farqlasa boʻladi?
1️⃣ Takror soʻzlar asosan sifat va ravishdosh boʻlib keladi. Biror tushunchaning sifatini yoki ish-harakatning qay tarzda bajarilganini bildiradi.
2️⃣ Takror soʻzlar oʻzidan keyingi soʻzga mazmunan bogʻlanadi, tobe boʻladi. Takrorlanuvchi soʻz esa bunday emas. Masalan:
Baland-baland binolar. Takror soʻz binoning qandayligini bildiryapti va unga mazmunan bogʻliq.
Toʻgʻri, toʻgʻri, bu gapda ham jon bor. Takrorlanuvchi soʻz biror soʻzga tobe emas. Agar toʻppa-toʻgʻri gap degan birikma boʻlganda, toʻppa-toʻgʻri belgini kuchaytiruvchi soʻz shakliga aylanib, gap soʻziga bogʻlangan va chiziqcha bilan yozilgan boʻlar edi.
Orif Tolib