Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov bilan suhbat

Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov bilan suhbat

“Ijodkorning oʻz dastxati boʻlishi kerak”

 

Isteʼdodli yozuvchi va dramaturg Sharof Boshbekov 1951-yili Samarqandda dunyoga kelgan. U adabiyotning qutlugʻ dargohiga 80-yillarning boshlarida kirib kelgan edi.

Dastlab hikoya janrida oʻz isteʼdodini sinab koʻrdi. Binobarin, uning “G” varianti” hikoyasi (1981), “Jumboq” (1986) hajviyasi, “Gʻurur” (1982) kabi hajviy hikoyalari yuzaga keldi. Shundan soʻng uning ketma-ket rang-barang mavzudagi sahna asarlari yaratildi. Jumladaan, u “Tushov uzgan tulporlar” (1983) hamda “Eshik qoqqan kim” (1987) kabi komediya, “Qasosli dunyo” qisqa metrajli film ssenariysini yozdi. Shuningdek, “Eski shahar gavroshlari” (1988) “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalari yaratildi.

U kino sohasida ham ijod qildi. Uning ssenariylari asosida “Yuzsiz”, “Tilla bola”, “Temir xotin”, “Maʼruf va Sharif”, “Masxaraboz” kabi filmlar suratga olingan. Ayniqsa, “Charxpalak” teleseriali mashhur boʻldi.

“Temir xotin” asari uchun dramaturg Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Oʻzbek kino sanʼati rivojiga qoʻshgan hissasi uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga loyiq koʻrildi (1999-yil). 2001-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

 

Kitoblaringiz chiqmaydi hisob, matbuotda ham kam koʻrinasiz…

– Men kitob yozmayman. Kino yoki spektakl uchun ssenariy yozaman. Kitob adabiyotning alohida turi. Agar 20 seriyali ssenariyim kino qilinsa, 20 ta kitobim chiqdi deb hisoblayman. Shu paytgacha bitta kitobim chiqqan. 1989-yili ssenariylarimni yigʻib “Eshik qoqqan kim boʻldi?” nomi bilan nashr ettirgandim.

Boshqa yozuvchilarning uyiga borsangiz, javonlarda bosilib chiqqan kitoblari turganini koʻrasiz. Menikida esa kassetalar turadi. Kelganlarga “Bular – mening kitoblarim”, deb maqtanib qoʻyaman.

 

Lekin dramaturgiya ham adabiyotning bir yoʻnalishi sanaladi, pyesalar ham adabiy qonun-qoidalarga javob berishi kerak. Masalan, Shekspir dramalari haqiqiy badiiy asar darajasiga koʻtarilgan. Ikkinchi tomondan, oʻquvchini ham oʻylash kerak. Sahnalashtirilgan yoki ekranlashtirilgan ssenariy koʻngildagidek chiqmagan boʻlishi mumkin. Uni koʻrgandan kitobini oʻqib qoʻya qolgan afzal boʻladi.

– Toʻgʻri, bu gapda ham jon bor. Yaqinda ssenariylarim toʻplami kitob boʻlib chiqyapti. Men taklif qilgan nom noshirlarga maʼqul kelmadi, keyin kelishib “Musofir boʻlmaguncha” deb qoʻydim. Kitobga oltita ssenariy kiritilgan. Ularning hech biri sahnalashtirilmagan. Yaqinda chop etiladi.

Toʻgʻri, kitobning yaxshi tomonlari bor. Men uchun ahamiyatlisi – yozgan narsalarim jam boʻlib turadi. Qayerlardadir qolib, yoʻqolib yoki esdan chiqib ketmaydi. Lekin gapning ochigʻi, kitob chiqarishga oʻzim ishqiboz emasman. Ssenariylarim kino qilinishi yoki sahnaga qoʻyilishi men uchun muhimroq.

 

Jyul Vern degan yozuvchi oʻzi koʻrmagan joylar haqida asarlar yozgan. Lekin tasvirlagan shaharlari, koʻchalari real hayotdagiga juda oʻxshash chiqqan. Sizningcha, koʻrmay, bilmay turib, faqat tasavvur bilan ham asar yozish mumkinmi?

– Yozuvchi oʻzi koʻrmagan narsalarni yozishi kerak. Unda tasavvur kuchli boʻlishi zarur. Odamzod ollohni ham aql orqali taniydi, yaxshi koʻradi. Dunyoni ham aql bilan anglaydi. Mantiq fani qadim zamonlardayoq taraqqiy etganiga ham ana shu narsa sabab. Ming yil oldin Ibn Sino Beruniyga atomning yanada kichikroq zarralarga boʻlinishi haqida gapirib bergan. U paytda hozirgidek murakkab asbob-uskunalar umuman boʻlmagan. Lupa boʻlgan boʻlsayam katta gap. Lekin taffakkur bilan, tassavvur bilan koʻp chigal masalalar yechilgan.

 

Lekin yaxshi tasavvur qila olish uchun ham bilish kerak, menimcha.

– Toʻgʻri bilim zarur, koʻp oʻqish lozim. Yozuvchi oʻzi tasvirlayotgan voqea-hodisa yoki obyekt haqida hech boʻlmaganda umumiy bilimga ega boʻlishi kerak. Ayrim filmlarda oʻqituvchi rolini oʻynayotgan aktyor fanga hech qanaqa aloqasi boʻlmagan gaplarni aytadi. Bu – ssenaristning aybi. Personaj: “Hoy, toʻgʻri oʻtir! Hozir adabingni berib qoʻyaman!” deb baqirgani bilan oʻqituvchi boʻlib qolmaydi, bu oʻqituvchining xususiyati emas.

Oʻzimdan misol keltirsam. Men robotni hech qachon koʻrmaganman. Lekin nimalardan tashkil topishi, qanday mexanizmlar bilan ishlashini nazariy jihatdan bilaman. “Temir xotin”ni yozish jarayonida yaxshilab oʻrganganman. Boya aytganimday yozuvchi oʻzi koʻrmagan narsalarni yozishi kerak, lekin hech qachon oʻzi bilmagan narsalarni yozmasligi zarur.

 

Yaxshi dramaturg boʻlishingizga nima koʻmak berdi?

– Teatr badiiy kengashida ishlab yurgan kezlarimda maza-matrasiz, bemaʼni ssenariylarni juda koʻp oʻqiganman. Yuzta ssenariyning ichidan bitta-yarimta pichoqqa ilinadigani chiqardi, uniyam toʻlaqonli asar deb boʻlmasdi. Koʻpincha haddan ortiq jonimga tegib ketganidan: “Men bundan yaxshiroq yozaman!” deb aytib yuborardim. Bu paytgacha hali birorta pyesa yozmagandim. Keyin ssenariyga qoʻl urdim, yozish jarayonida oʻqigan pyesalarimdagi kamchiliklarimni takrorlamaslikka harakat qildim. Bu men uchun oʻziga xos maktab boʻlgan. Xullas, men qanday yozishni emas, qanday yozmaslikni oʻrganganman.

 

“Temir xotin”dan keyin shu tipdagi bir qancha filmlar suratga olindi. Masalan, “Sevginator” filmi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

– Har bir ijodkorning oʻz dastxati boʻlishi kerak. U nimalarda koʻrinadi? Ijodkorning imzosi biror bir mavzu, voqea yoki predmetni oʻziga xos tasvirlashi, bayon qilish uslubi va tilida namoyon boʻladi. Deylik, bitta daraxtni koʻrib har kim oʻzicha tasvirlaydi. Men hamisha oʻz uslubimni yaratishga harakat qilganman.

Ayrim jurnalistlar “Sevginator” gʻoyasi “Temir xotin”dan olingan deb shov-shuv koʻtarishga urindi. Undlay emas. Film ijodkorlari oʻz gʻoyalari, oʻz qarashlarini ifolalashga harakat qilgan. Biorobotlar haqida mingta film suratga olish mumkin. Lekin boya aytganimdan, har kimning oʻz dastxati bor.

 

Pyesa sahnaga moslab yoziladi. Voqealar kechadigan joy sahna imkoniyatiga mos boʻlishi kerak. Masalan, mashinalar gʻuv-gʻuv oʻtib turgan koʻchani spektaklda koʻrsatib berish mushkul. Bundan tashqari, dramadagi soʻzlar talaffuzga moslangan boʻlishi lozim, shunda aktyor aytgan gaplar tomoshabinga tushunarsiz boʻlib qolmaydi. Shu maʼnoda, dramaturgiyaning imkoniyatlari bir oz cheklangandek tuyuladi. Sizningcha-chi?

– Toʻgʻri, dramaturgiya bir oz murakkabroq. Masalan, hikoyada “eti chumoli yurgandek jimirlashib ketdi” deb bemalol tasvirlash mumkin. Lekin pyesada buni ifodalab berish uchun chumoli personajning etida yurishi va buni tomoshabin koʻrishi kerak. Bu birgina murakkablik, xolos. Boshqa eʼtibortalab jihatlar ham koʻp. Shularni hisobga olib aytish mumkinki, har qanday yozuvchi dramuturg boʻlolmaydi.

 

Yoki aksincha: har qanday dramaturg yozuvchi boʻlolmasligi ham mumkin.

– Bu fikr ham toʻgʻri. Lekin men boshqa narsani aytmoqchiman. Maʼlum bir tajriba va tayyorgarliksiz pyesa yozib boʻlmaydi. Rahmatli Said Ahmad domla “Kelinlar qoʻzgʻaloni”ni yozganda necha yoshda edi? Domla ungacha bir qancha hikoya, qissalar yozgan. Keyin pyesaga qoʻl urgan.

Men aktyorlikka oʻqiganman, teatrlarda ishlaganman, dublyajda qatnashganman. Oʻz sohamni yaxshi bilaman.

Yozuvchi yozayotgan narsasini ichidan bilishi kerak. Men yozayotgan paytim har bir personaj rolini oʻynayman va xayolimda spektaklni boshdan-oyoq sahnalashtiraman. Keyinchalik pyesa teatrda qoʻyilsa, xayolimda tasavvur qilganimdek yaxshi chiqmaydi.

Har bir soʻzni aytib sinab koʻraman. Soʻz aktyor tilini sindirib qoʻymasligi kerak.

Aktyor imkoniyati degan gap ham bor. Xoh zoʻr, xoh oʻrtamiyona aktyor boʻlsin, uning imkoniyati baribir cheklangan. Buni ham hisobga olish zarur. Juda zoʻr drama yozdingiz deylik. Lekin undagi qahramonlarni aktyor oʻynay olmasa, unday pyesaning hech qanday qadr-qimmati qolmaydi.

Bir narsaga ishonchim komil, sanʼat goʻzal va toza boʻlishi kerak. Kir, chuvrindi, iflos narsalarni tasvirlash sanʼat emas-da. Sanʼatdan koʻz quvonishi, qalb bahra olishi zarur. Men “Tilla bola” degan kinossenariy yozganman. Bosh qahramon – axlatlarni, hojatxonalarni tozalab yuradigan bola. Lekin birortayam kadrda iflos narsa yoʻq. Bolaning turarjoyi xuddi muzeyga oʻxshaydi: rasmlar, popuklar, tumorlar osib qoʻyilgan, hamma yoq top-toza.

Xullas, sanʼat pok boʻlishi kerak. Men uchun birinchi shart shu. Siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tomonlari keyingi masala.

 

“Temir xotin”, “Taqdir eshigi”, “Charxpalak” kabi filmlar sizni elga tanitdi, yanada mashhur qildi. Bu filmlarning suratga olish jarayonida bevosita ishtirok etganmisiz?

– Ilgari syomka jarayonlarida qatnashardim. “Temir xotin”, “Yuzsiz”, “Tilla bola” kabi asarlarimda tasvirga olishdan boshlab montaj jarayonigacha ishtirok etganman.

Oʻzim ham rejissyor sifatida kino olib koʻrdim, “Masxaraboz” degan film. Lekin men rejissyor emasman-da. Bor kashfiyotlarimni yozayotganimdayoq kashf etib boʻlaman. Rejissyor yozmaydi, uning kashfiyotlari oʻziga xos.

Endilikda syomkalarda qatnashmay qoʻydim.

 

Hozir televideniyeda namoyish etilayotgan milliy seriallar soni juda kam, borlari ham bir navi. Chet el, ayniqsa, koreys seriallari “hukmronlik oʻrnatib olgan”. Bu narsa yoshlarning, bolalarning dunyoqarashiga oʻz taʼsiri oʻtkazmay qolmaydi. Masalan, koreys seriali qahramoni Jumongga oʻxshashni orzu qilgan bolalarning bir nechtasini oʻzim koʻrganman. Masalaning yana bir tomoni bor. Oʻzimizda ishlanayotgan badiiy filmlar, seriallar,
multfilmlarning aksariyat qismi chet elniki bilan raqobatlasha olmaydi. Bu holatda nima qilish kerak deb oʻylaysiz?

– Bir narsa alam qiladi menga. Baʼzan televideniye mutasaddilariga aytaman: nega aynan shu serial tanlandi? Koreyada oʻzbek seriallari ketmayapti-ku. “Yoʻq, bunisini biz bilmaymiz”, deb javob berishadi. Axir, milliyligimizni, qadriyatimizni himoyalaydigan vaqt allaqachon yetib kelgan. Mustaqil boʻlganimizga salkam yigirma yil boʻlyapti. Endi biz bilan ham hisoblashishsin. Biz ularning seriallarini oʻz tomoshabinimizga koʻrsatamiz-u, nega ular oʻzbek seriallarini efirga bermaydi?

Bir paytlar Meksika, Kolumbiya seriallari ham berilgandi, lekin u vaqtlar oʻtib ketdi. Hozir hamma yoqni koreys seriallari egallab oldi. Oʻzaro tenglik boʻlishi kerak. Baʼzida oʻylab qolaman: oʻzbek seriallarini chetga chiqarishga oʻzimiz harakat qilmayapmizmi yo ular qabul qilishmayaptimi? Koreya bilan urf-odatlar, qarashlarimiz bir-biriga yaqin boʻlsa…

 

Balki milliy seriallarimiz chet elniki bilan raqobatlasha olmas?

– Gap faqat raqobatda emas. Mana, yaqindan boshlab arablarning seriali berilyapti. Bizning seriallardan zoʻr deb ayta olmayman.

Gohida: “Balki men xabarsizdirman. Oʻzbek seriallari chet elda ham berilayotgandir”, deb oʻzimni ovutaman. Lekin baribir har qanday vaziyatda ham qadrimizni bilishimiz kerak.

 

Oxirgi vaqtda suratga olingan milliy seriallardan qaysilarini qoniqarli deb ayta olasiz?

– Sanjar Boboyev va Shavkat Junaydullayevning seriallari yaxshi. Shavkat aka bir yosh ssenarist bilan hamkorlik qilyapti, ishlari menga juda maʼqul boʻldi. Hozir ism-familiyasi esimga kelmay turibdi, oʻzi yosh. Professional emas, bu sohada maxsus taʼlim olmagan, lekin talant, xudo bergan. Ayrim jihatlariga professional boʻlsam-da, men ham havas qilaman. Oʻsha jihatlar menda yoʻq, afsus. “Qaytar dunyo” ana shu hamkorlik samarasi. Filmning rejissyorlik ishlariga biroz eʼtirozim bor, lekin ssenariy asar sifatida yaxshi.

 

Spektaklga tushib turasizmi? Yoki faqat oʻz asarlaringiz premyerasidagina teatrga borasizmi?

– Men teatrga umuman tushmayman, oʻzimning asarlarimga ham. Chunki teatrlarimizda sahnalashtirilayotgan spektakllar judayam hayotiy.

 

Hayotiyligi ijobiy jihati emasmi? Bu soʻzni qanday tushunish kerak? “Maishiylik” debmi?

– Yoʻq, maishiylik boshqa narsa, maishiy mavzuda ham yaxshi asar yozish mumkin. Men boshqa narsani aytmoqchiman. Bugungi pyesalarda har kuni koʻchada koʻrib, eshitib turgan voqealar ifodalanadi. Buni tomoshabinga nima qizigʻi bor? Bu gaplar ertaga eskirib qoladi. Yangilik topish kerak. Voqealar, gap-soʻzlar koʻz koʻrib, quloq eshitib oʻrganmagan boʻlishi zarur.

Yaqinda oʻtgan sanʼat kunlarida Xorazm teatri aktyorlari “Muqimiy” teatrida “Tikansiz tipratikanlar” degan asarimni sahnalashtirdi. Koʻrib uyalib ketdim. Aktyorlarning mahoratini aytmayapman, oʻzimning xatolarimni koʻrib xijolat tortdim. Men oʻsha paytlarda asarimni hayotiy qilmoqchi boʻlgan edim. Axir hayot toʻxtab turmaydi-ku, doimo olgʻa harakatlanadi. Bugun muhim boʻlgan biror bir muammo yoki voqea ertaga eskirishi mumkin. Navoiyni Navoiy qilgan yoki Shekspirni Shekspir darajasiga koʻtargan jihat ana shu eskirmasligida.

Eskirish haqida oʻzimdan bitta misol keltiraman. “Temir xotin”da Qoʻchqor xotinidan: “Bolalar qayerda, maktabdami?” deb soʻrasa, Qumri: “Maktab qoptimi, terim boshlandi-ku…” deb javob beradi. Yosh bolalarni terimga olib chiqish oʻsha paytdagi eng aktual muammolardan, mavzulardan biri edi. Birinchi-ikkinchi sinf bolalari ham hamma narsani yigʻishtirib qoʻyib paxta terardi. Lekin hozir paxta terimi dolzarb mavzu emas.

 

Demak, ijtimoiy muammolarni qalamga olmaslik kerak?

– Gap muammoda ham emas. Adabiyot – bu sanʼat. Har qanday asarda sanʼat boʻlishi zarur. Erkin Aʼzam bir hikoya asosida yozgan qoʻlyozmamni koʻrib: “Muallif darajasida qolib ketibsiz, sanʼat yoʻq”, degandi. Toʻgʻri. Adabiyot odamni hayratga solishi lozim.

 

Adabiy prinsip deganda nimani tushunasiz? Oʻzingiz qanday prinsiplarga amal qilasiz?

– Hech qanaqa prinsipga amal qilmayman. Birovlar har kuni yozadi, bir qator boʻlsayam yozish kerak deb oʻziga qoida qilib olgan. Men tartibsiz yozuvchiman. Xohlasam yozaman, boʻlmasa – yoʻq.

“Ilhom”, “ilhom parisi” degan gaplar oʻylab chiqarilgan narsa. Ilhom – yoʻq narsa. Ilhom men uchun kayfiyat, mehnat kayfiyati. Ishlashim uchun menga uchta narsa kerak: qornim toʻqligi, sogʻlik va tinchlik.

 

Bulungʻur tumanining Gʻubir qishlogʻida tugʻilgansiz. “Gʻubir” nima maʼnoni anglatadi? Tugʻilgan qishlogʻingiz, uning tarixi haqida gapirib bersangiz.

– Bir-ikkita chollardan soʻrasam bilishmadi. Gʻubir degan soʻz xalq orasida suvda hosil boʻladigan aylana – girdobni anglatadi. Qishlogʻimizning oldidan Bulungʻur arigʻi oʻtadi. Juda katta, salkam daryoday, toʻlib oqadi. Aynan bizning qishloq oldiga kelganda juda koʻp gʻubirlar – kamarlar hosil boʻladi. Balki shu sababdan qishloqni Gʻubir deb atashgandir.

 

Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2010

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.