Bolalarga yaxshilik qilishdan ortiq saodat yoʻq

Bolalarga yaxshilik qilishdan ortiq saodat yoʻq

Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon bilan suhbat

 

– Anvar aka, har bir sohada, ayniqsa, ijodda isteʼdodning ahamiyati beqiyos, deymiz. Sizningcha, isteʼdod insonga tugʻma beriladigan ilohiy tuhfami yoki keyin shakllanadigan koʻnikmami? Isteʼdodni toblash uchun yosh ijodkor nimalarga eʼtibor qaratishi lozim deb hisoblaysiz?

Isteʼdod qondan qonga oʻtadigan, ayrim insonlarga boʻnak sifatida beriladigan taqdirlov boʻlsa kerak, deb yuraman oʻzimcha. Balki, biron-bir maqsadga tirishqoqlanib intilaverish, oʻta mehnatsevarlik orqali yuksak malakaga erishsa boʻlar; tugʻma isteʼdod egasi esa, hatto yalqovlikda ham, eʼtiborni tortuvchi qirralari bilan boʻlak yalqovlardan yaqqol ajralib turaveradi. Kishidagi isteʼdod, asosan, zahmatlardan choʻchimaslikda, uzluksiz izlanishlarda, bilimdonlar bilan suhbatlashuvlarda, bahslarda, faoliyatdagi domiy bellashuvlarda kun sayin toblanaveradi. Parvarishlab borilmagan isteʼdod ekilganicha qarovsiz qolib ketgan koʻchatni eslatadi.

 

Ijodkorning xarakteri uning uslubini belgilaydi, degan gap bor. Demak, yozuvchi yoki shoir oʻz tabiatiga sodiq qolishi, uni turli taʼsirlardan asrab-avaylashi orqali, aytish mumkinki, oʻziga xos uslubini shakllantiradi. Shundoq boʻlsa ham, barcha ijodkorlarning shaxsiyatida qaysi jihatlar mujassam boʻlishi shart deb hisoblaysiz?

Ola-bula rangga boʻyalgan mushuk yoʻlbarsga aylanolmaydi. Biz ijodda, kimlargadir havas qilib, taqlid qilib, oʻzimizni boshqacha koʻrsatishga nechogʻli urinmaylik, u yoki bu voqelikka munosabat bildirishda, baribir, kimligimiz ochilib qolaveradi. Oʻzligimizdan qolmaganimiz yaxshi. Siz haqsiz – menligiga sodiq adibning ijod uslubi, asosan, uning xarakteri hududida shakllanadi, ozmi-koʻp oʻziga xoslik aynan shu jarayonda hosil boʻla boradi.

Ijodkor shaxsiyatida qanday jihatlar mujassam boʻlishi kerakligiga kelsak, birinchi navbatda, qaysi yurtning fuqarosi, qaysi millatning farzandi ekanligini hayotda ham, ijodda ham kunu tun his qilib turishi shart. Badiiy adabiyotdan tashqari, avvalo, oʻz elatining kechmishiga, madaniy-maʼnaviy merosiga, buyuk allomalariga, dovruqli arbobu sarkardalariga oid tarixiy asarlar bilan imkon qadar koʻproq tanishib borishi behad foydalidir. Jahonni tanish oʻzligini tanishdan boshlangani maʼqul. Oddiy odamlar bilan koʻproq birga boʻlish adib uchun mahorat akademiyasi vazifasini oʻtashiga shubham yoʻq. Shundagina, uning yozganlari oʻzbekning ogʻaynisiga aylanadi. Xalq tilidagi goʻzalliklarni, iboralaridagi teranliklarni, pisandalaridagi oʻtkirliklarni hech bir “imlo lugʻati”dan, hech bir “izohli lugʻat”dan, hech bir ilmiy-maʼrifiy asardan topib boʻlmaydi. Ularni rasmiyatchilik soya solmaguchi chapanicha suhbatlardan, ulfatona chaqchaqlashuvlardangina “oʻmarish” mumkin.

 

Samimiyat – adib uchun eng muhim fazilatlardan biri, deyishadi. Siz ijoddagi samimiyatni qanday tushunasiz?

Ijoddagi samimiyat – oʻz qurbing darajasidan balandroqqa sakrashga chiranmaslikda, oʻzingda yoʻq narsani bordek koʻrsatishga urinmaslikda namoyon boʻladi, chamasi.

 

“Ajinasi bor yoʻllar” kitobingiz aynan samimiyati, rost ifodalari bilan oʻquvchini rom qiladi. Shaxsan oʻzim ham kitobning ayrim joylarini yayrab kulib, ayrim joylarini yigʻlab oʻqidim. Asarda nafaqat baʼzi birovlarni, oʻzingizni ham ayamagansiz. Holbuki, biz oʻqigan koʻplab memuarlarda muallif faqat oʻzining yutuqlari, ijobiy fazilatlari haqidagina toʻxtaladi. Sizning asaringizda esa “Boburnoma”ga xos toʻgʻrisoʻzlik, mardona ruhni koʻramiz. Oʻzingiz haqingizda
bunday rost, ochiq kitob yozishga sizni nima undadi? Agar imkoni boʻlganda, ana shu umr sahifalarining qayerlarini oʻzgartirgan, qayta yozgan boʻlardingiz?

Bu asarda meni borini boricha yozishga undagan asosiy omil kitobxonlarni sirdosh oshnalarim deb tasavvur qilganim boʻlsa, ajabmas. Iloji boʻlganida, yaʼni kitobni ortiqcha semirtirib yuborishdan choʻchimaganimda, eng avvalo, oʻtgan umrim mobaynida menga xolisona yaxshilik qilgan ming-minglab kishilar toʻgʻrisida birma-bir toʻxtalgan, zigʻirdekkina muruvvat koʻrsatganlarni ham alohida tashakkurlar bilan tilga olib oʻtgan boʻlardim. Koʻlami, ahamiyati nechogʻli ekanidan qatʼi nazar, har qanday yaxshilik mukofotga loyiqdir.

 

– “Mukofot” degan gapingizni eshitib, bir narsa yodimga tushib qoldi. Ijodkor doʻstlarimizning aytishicha, Toshkent davlat pedagogika universitetida boʻlgan ijodiy uchrashuvda koʻp yillar oldin Yozuvchilar uyushmasida masʼul vazifalarda ishlagan ardoqli adibimiz Nosir Fozilov siz haqingizda soʻzlab, Anvarjonning qaysarlik tomonlari ham bor, uni ikki-uch MARTA adabiy mukofotga, bir MARTA yoshlar tashkiloti mukofotiga loyiq topganimizda, nimagadir, olmayman deb turib olgan edi, degan ekan. Nima sababdan olishni istamagansiz?

Nega istamas ekanman? Aslida, ichimda xohlab turganman. Faqat, bunaqa mukofotlarni oʻntacha kitobim bosilib, anchagina tanilib boʻlganimdan keyin emas, nashriyotlarga yoʻlim ochilishida foydasi tegadigan paytlarda, yaʼni ikkinchi yoki uchinchi kitobim chiqqanidayoq berishlari kerak edi, deb oʻzimcha arazlaganman, xolos.

 

– Ochigʻini aytsam, balandparvozroq javobni eshitsam kerak, deb turgandim. Kutilmaganda, usta Gulmatdek toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldingiz. Darvoqe, siz kashf etgan usta Gulmat, Kulkul afandi “devon”lari oʻquvchilar orasida mashhur. Hatto adabiyot tarixida shunday mumtoz shoirlar oʻtgan ekan-da, deb oʻylovchi soddaroq muxlislar ham topilib turganini bilamiz. Bunday gʻaroyib asarlarning tugʻilishiga ilkavval nima sababchi boʻlgan? Bunday yondashuv, uslubning sizga bergan qulayligi, anʼanaviy hajviyotdan koʻra ustunligi nimada? Va yana bir savol – sizning tasavvuringizdagi Gulmat va Kulkul asosan nimasi bilan bir-biridan ajralib turadi?

Gulmatning tugʻilishiga buyuk Abdulla Qodiriyning Kalvak maxzum, Toshpoʻlat tajang haqidagi ichakuzdi hajvlari sabab boʻlgan. Shunaqa chapanilar shoir boʻlishga intilsa, qanaqa sheʼrlar toʻqigan boʻlardiykin, deb oʻyladim-u, beixtiyor yoza boshladim. Bir-ikkitasini barmoq vaznida bitdim. Nimadir yetishmayotgandek tuyulaverdi. Oʻylab koʻrsam, Kalvak maxzumga zamondosh boʻlgan “eskicha shoir”ga gʻazal janri koʻproq yarasharkan. Aruzga uncha epim boʻlmasa ham, tavakkaliga yozaverdim. Gulmat qahqahalarining anʼanaviy hajviyotdan farqi, qulay tomoni (ustun tomoni demaganimiz tuzuk) shunda ediki, oʻn toʻqqizinchi asrning oxirlari, yigirmanchi asrning boshrogʻida yashab oʻtgandek taassurot uygʻotuvchi bu yasama shoir tilidan oʻsha saksoninchi yillarning qolipiga sigʻmaydigan ancha-muncha tigʻdor soʻzlarni aytish imkoniyati tugʻilgandi. Senzurachilar ulardan baʼzilarini gazeta-jurnal sahifalaridan olib tashlasa-da, bu qadim zamondagi gaplar-ku, degan bahona bilan noshirlar bir qismini chop etib turishardi. Keyin, Gulmatning nevarasi Kulkul afandi paydo boʻldi. Ikkovining orasidagi asosiy farq shuki, Kulkul afandi buvasidan koʻra birmuncha zamonaviy.

 

– Hajviy sheʼrlaringiz mumtoz adiblarimiz ifodasiga, tiliga yaqin uslubda yozilgan. Buning sabablarini hozirgina aytdingiz. Bu usul hajviy adabiyotimizda urfga aylandi. Hatto qiziqchilar, askiyachilar ham shu yoʻlga oʻtib, odamlarni kuldirgan paytlar boʻldi. Bunday sheʼrlar barmoq vaznida yozilsa, taʼsir kuchini yoʻqotadimi?

Bu hajvchining mahorati darajasiga bogʻliq. Masalan, Erkin Vohidovning “Matmusa” turkumidagi hangomalari barmoq vaznida bitilgan boʻlishiga qaramay, Gulmatdan koʻra mashhurroq boʻlib ketdi.

 

Kichkintoylarga atalgan biri falsafiy, biri yumoristik sheʼrlar, bolalarbop gʻazallar, qissalar, hikoyalar, pyesalar – ijodingizning yirik boʻgʻinlari. Kattalar uchun ham turli janrda jozibador asarlar bitgansiz. Albatta, ularning har biri siz uchun nihoyatda qadrli. Ammo, shunday boʻlsa ham, ayting-chi, agar sizga shulardan faqat biri bilan shugʻullanish talabi qoʻyilganida, qaysi birini tanlagan boʻlardingiz?

Sira ikkilanib oʻtirmay, bolalar sheʼriyatini tanlardim, albatta. Bolalarga qoʻldan kelgancha yaxshilik qilib yashashdan ortiqroq saodat yoʻq men uchun.

 

– Bolalarga yozish oʻta masʼuliyatli ish ekani koʻp bor aytilgan. Chunki, egri gʻoyali asar bolalarning murgʻak ongini bir umrga majruh qilib qoʻyishi mumkin. Shu bois, kichkintoy kitobxonlarga atalgan sheʼr, hikoya, qissalar qiziqarli boʻlishi bilan birga, ularning mohiyatiga ulkan umuminsoniy, ezgu gʻoyalar jo qilinishi kerak. Shundan kelib chiqib, soʻramoqchiman – yosh oʻquvchilarga taqdim etilayotgan asarga kattaroq falsafiy maʼno yuklashda uning zerikarli, “ogʻir” boʻlib qolmasligini taʼminlash uchun adib nimalarga eʼtibor berishi, nimalarga rioya qilishi lozim?

Bolaga atab yozilayotgan asarni ovqat deb faraz qilsak, oʻta issiq boʻlsa, ogʻizni kuydiradi; oʻta sovuq boʻlsa, ichakni shamollatadi. Ammo, ikkovidan ham xavflirogʻi – butkul bemazasi, bitta tuzi past asar bolani kitobdan umrbod bezitib tashlashi hech gapmas. Shu bois, bolalarga yozayotganda, adib oʻzini ularga oʻyinchoq yasayotgandek tutib, ularda bu narsaga qanday qilib koʻproq qiziqish uygʻotish mumkinligini, farzandlarimizni u nimalarga oʻrgatishi bilan alohida ahamiyat kasb eta olishini oldindan chamalab turmogʻi lozim. Bolalarga bagʻishlab yozishda kichkintoylar tushunchasidan, ularning oʻziga xos atvoridan, odmiginga fikrlashlaridan, shiringina, soddagina gaplashuvlari doirasidan ortiqcha uzoqlashib ketmaslikka rioya qilish talab etiladi. Eng qiyini mana shuni uddalashdir. Bolalarning tabiatiga yot kitob bolalarga qoʻshilib “oʻynolmaydi”.

 

– Kitoblari oʻnlab xorijiy mamlakatlarda chop etib kelinayotgan nomdor adibimiz Xudoyberdi Toʻxtaboyev Yozuvchilar uyushmasida boʻlgan yigʻinda ijodingiz haqida toʻxtalib, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar kattalar adabiyotida qanday tub oʻzgarishlar yasagan boʻlsa, Anvar Obidjon bolalar adabiyotida xuddi shunday inqilob qildi, uning asarlarini allaqachon jahonga olib chiqishimiz kerak edi, degan gaplarni aytdi. Siz oʻzingiz tarjima masalasiga qanday qaraysiz?

Oʻzimdagi kamchiliklardan biri – boshqalarning asarini tarjima qilishga hafsalam yoʻqligi. Marshakning besh-oltita sheʼrini oʻzbekchaga oʻgirib, qancha-qancha totligina soʻzlarni, koʻrkamgina iboralarni birovning sheʼriga ishlatib yubordim-a, deb ichimda tixirlanganim esimda. Keyinroq belorus adibasi Olga Ipatova mening “Alamazon va uning piyodalari” kitobimni, baʼzi sheʼrlarimni ruschalashtirib, oʻzining bir qissasini ham oʻzbek tiliga oʻgirishimni soʻraganida, yoʻq deyolmagandim (uning ishi manzur boʻlmay, Alamazon haqidagi asarimni, picha vaqt oʻtgach, oʻzbekchani suvdek ichvoradigan Zoya Tumanovaga boshqatdan tarjima qildirganman). Sheʼrlarimni oʻzbekistonlik, rossiyalik bir necha qalamkashlar ruschaga aylantirib koʻrishgan. Ochigʻi, aksariyati koʻnglimga oʻtirmagan. Oʻlmas Umarbekov (iloyim, u kishining oxirati obod boʻlsin) Yozuvchilar uyushmasi raisi ekanida, meni yoʻqlatib, bolalarga atalgan sheʼrlaringizni ruschaga soʻzma-soʻz tarjima qildiring, oʻzim ularni Moskvadagi nashriyotga topshirib, kitobingizni bostirib beraman, deb qoldi. Shunda men “noshukurchilikka oʻtib”, oʻzimizdagilardan, moskvaliklardan toʻrt-beshtasi sheʼrlarimni yengil-yelpigina oʻgirib yuribdi, siz aytayotgan nashriyotidagilar ham toʻplamimni oʻrtacharoq tarjimonlarga berishi mumkin, to oʻzimbop tarjimonni topmagunimcha shoshmay tursak maylimi, desam, hayronlanib tikilib qolgandi.

Umuman olganda, men, avvalambor, oʻzbek bolalari uchun yozaman. Aholimizning oʻn milliondan ziyodini tashkil etuvchi farzandlarimizning, loaqal, yuztadan bittasiga taniqli boʻlib olsam ham katta gap, menga shuning oʻzi yetadi, shuning oʻzi ulkan baxt.

 

– Mashhur shved bolalar yozuvchisi Astrid Lindgren 1978-yili “Tinchlik mukofoti”ni olish chogʻidagi nutqida bolalarga jismoniy jazo berishning jiddiy oqibatlari haqida soʻzlagach, Shvetsiyada bolalarni urib jazolash qonunan taqiqlanadi. Yosh avlod qalbi va ruhiyatini yaxshi bilgan adib sifatida ayting-chi, bola tarbiyasida qattiqqoʻllik va erkalatishning meʼyori, mezoni qanday? Bugungi ota-onalar, oʻqituvchilar yoʻl qoʻyadigan eng asosiy xatolar nimalardan iborat, sizningcha?

Bolalarning baxtli hayotini, haq-huquqini himoya qilish butun dunyoning, jumladan, mamlakatimiz rahbariyatining-da diqqati markazida boʻlib kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da bolalar haq-huquqiga oid maxsus boʻlimlar ham bor. Deklaratsiyalar, qonunlar yaxshi, ammo hayot boshqa narsa ekan – aynan shu masalada oʻzini jonkuyardek koʻrsatib kelayotgan baʼzi davlatlarning askarlari bugun u yoki bu mintaqada bolalarning ustidan ayovsiz bomba yogʻdiryapti, ularni yetimlarga, qochqinlarga aylantiryapti. Olamdagi barcha bolalarni oʻz farzandlarining, oʻz uka-singillarining oʻrniga qoʻyib koʻra oladigan mehrli, oqkoʻngil insonlarni tobora koʻproq tarbiyalab yetishtira olsak edi, ayrim zoʻravonlar buzishi mumkin boʻlgan qonunlarni nazorat qilishga tugalay hojat qolmagan boʻlarmidi…

Oʻz farzandlarimning dastlabki tarbiyaga muhtoj davrlari mening Toshkentdan ish topish uchun bir necha yil sarsonlanib yurgan, ish topganimdan keyin ham, to uyli boʻlgunimcha, ulardan olisda yashab turgan paytlarimga toʻgʻri kelgani bois, bolani toʻgʻri oʻstirish boʻyicha uquvli otalar qatoriga qoʻsholmayman oʻzimni. Shunga qaramay, ushbu soha mutaxassislarining fikrlari, namunali oilalarni koʻrib-kuzatishdan yasagan xulosalarim, qadimiy udumlarimiz tubida yotgan noyob-noyob saboqlardan kelib chiqib aytishim mumkinki, ota-onalar qattiqqoʻllik bilan yovuzlikning, erkalatish bilan taltaytirishning orasidagi chegarani aniq his
eta olishi bola tarbiyasida oʻta muhimdir. Oʻylashimcha, biz ota-onalar, oʻqituvchi-murabbiylardan ayrimlarimizning eng yirik xatomiz – har bir bolaning feʼl-atvoriga qarab, har biriga ayricha-ayricha munosabatda boʻla olishni goho toʻkis oʻrinlatolmaymiz.

 

– Jamiyatimiz katta yangilanishlar, oʻzgarishlar ichida yashayapti. Bugun mamlakatimizda adabiyotga, kitobga qaratilayotgan eʼtibor har qanday ziyolini, ayniqsa, ijodkorni quvontiradi. Mana, yaqinda ustoz Erkin Vohidovning 80 yilligi keng nishonlandi. Uchrashuv va tadbirlar hozir ham oʻtkazilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlikni kuchaytirishga qaratilgan farmoyishi eʼlon qilindi. Bunday amaliy harakatlar, shubhasiz, sizni ham xursand qilgani tabiiy. Xoʻsh, bu borada qalam ahli qanday amaliy ish qilishi zarur? Bu ezgu jarayonda yozuvchilarning ishtiroki, hissasi qanday boʻlmogʻi kerak?

Prezidentimizning suyukli shoirimiz Erkin Vohidov yubileyini bayramona nishonlash toʻgʻrisidagi qarori adabiyot ahlining qalbida katta koʻtarinkilikni yuzaga keltirdi, desam, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi. Yurakdan chiqarib xizmat qilsang, bu yurtda albatta qadr topasan, degan tushuncha oʻlkamizdagi har qaysi adibning bir kuchiga oʻn kuch qoʻshishi tabiiydir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Ijod” fondini tashkil etish tashabbusi, avvalo, adiblarning faoliyatini keskin jonlantirishga keng sharoit yaratgan boʻlsa, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlikni kuchaytirishga qaratilgan farmoyishi adabiyotning xalqimiz maʼnaviyatini oʻstirishga yanada koʻproq, samaraliroq xizmat qilishini yangi, yuksak bosqichga koʻtardi. Ayniqsa, kutubxonalarni koʻpaytirib, eng zarur kitoblar, jumladan, bolalarga moʻljallangan adabiyotlar bilan boyita borishga oid gaplardan boshimiz osmonga yetdi. Biz bu gʻamxoʻrliklarga javoban yurtdoshlarimizning, birinchi galda, yosh avlodning Vatan oldidagi muqaddas burchlarini chuqurroq anglab yetishiga ulush qoʻshaverishdan, tinchlikni, halol mehnatni, ahil-inoqlikni qadrlashga chorlovchi asarlar yarataverishdan charchamasligimiz lozim. Bu jarayonda mehnatkashlarning ichiga kirib, koʻproq gurunglashib tursak, ularning koʻnglidagi gaplarga ohangdosh asarlar yaratsak, ularni yangi-yangi yutuqlar sari ruhlantiraversak, yurtimizda amalga oshirilayotgan biri biridan ulugʻvor yumushlarda oʻz hissamiz borligidan haqli ravishda faxrlanib yuradigan boʻlamiz. Ushbu yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb atalishi faqat boshqaruv idoralari xodimlariga emas, biz ijodkorlarga ham tegishlidir, degan fikrdaman.

 

– Umuman, ijodkorning xalq ichida boʻlishi nimalarda koʻrinadi?

Bu – adib yozgan asarning mazmunida, mohiyatida namoyon boʻladi. Yuzaki kuzatishlarga tayanib, boshqa kitoblardan olingan taassurotlardan taʼsirlanib bitilgan xonaki asar quruq chiqadi. Syujetlardan syujet, falsafalardan falsafa yaratish ham oson ish emas, lekin badiiy asardagi topilmalar, yangicha falsafiy talqinlar qanchalik salmoqdor boʻlmasin, kitobdagi voqealar real turmushimizning aniq-tiniq manzaralari, tirikchilikdagi muammolarning borliq mayda-chuyda koʻrinishlari bilan chambarchas bogʻlana olmagan boʻlsa, oʻquvchi adibning mahoratiga uncha tan beravermaydi. Oʻzi chegachilik qilmagan esa-da, jilla qursa, chegachi bilan osh-qatiqlashib yurmagan qalamkash oʻz asariga bu kasb egasi obrazini aralashtirmagani durustmikan, deyman-da. Qisqasi, xalqning ichidan chiqib kelgan adibning kitobi xalqning ichiga osonroq kirib bora oladi.

 

– Yetmishga toʻlganingiz munosabati bilan turli tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkazilyapti. Ulardan olayotgan taassurotlaringiz toʻgʻrisida ham toʻxtalsangiz.

Oʻzimga, ijodimga qaratilayotgan bunday samimiy eʼtibordan xursandman, albatta. Bu mamlakatimizda qalam ahli eʼzozlab kelinayotganining yaqqol misollaridan biri, deb oʻylayman. Uyushmamiz rahbariyati tabarruk ustozlarim, qalamdosh qadrdonlarim, adabiyot ixlosmandlari ishtirokida chiroyli tadbir oʻtkazib berdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ijodiy faoliyatimga bagʻishlanib, respublika miqyosida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi; poytaxtdagilardan tashqari turli viloyatlarda yashovchi taniqli adabiyotshunoslardan ayrimlari ham tashrif buyurishdi, ularning asarlarim haqidagi tadqiqotlarini alohida kitob qilib chiqarishdi. Goho, koʻzlarimga ishongim kelmaydi…

Uchrashuvlar davom etib turibdi. Shular ichida, gʻoyibona tarzdagi kutilmagan bir uchrashuv yuragimni boshqacha toʻlqinlantirdi. Andijon viloyatidagi koʻzi ojizlar muassasasiga qarashli kutubxonaning Margʻubaxon ismli xodimi qoʻngʻiroq qilib, men hozir shahrimizdagi 24-maktabning ikkinchi “a” sinfi oʻquvchilari orasida turibman, telefonimiz radiokarnayga ulab qoʻyilgan, bolalar sizni tugʻilgan kuningiz bilan qutlamoqchi boʻlishyapti, dedi. Ortiqcha hayajonlanib ketganimdan, lol turib qoldim. Oldin, sinf rahbari Muxtasarxon meni tabriklagan boʻldi, soʻng, oʻquvchilardan baʼzilari bilan savol-javob qildik, baʼzilari sheʼrlarimni yoddan oʻqib bera boshladi. Ulardan bittasi, qatordan qolishni istamadi shekilli, Anvar bobomniki deb boshqa shoirning sheʼrini ham jaranglatib oʻqib tashladi. Buni sezmaganga olgan boʻlsam-da, oʻzimning bolalikdagi quvligim esimga tushib, shunaqangi maza qilib kuldimki!

Bunday tadbirlarni uyushtirayotgan tashkilotchilardan, menga cheksiz ehtirom koʻrsatib, qimmatli vaqtini ayamay yigʻinlarga kelayotgan moʻʼtabar ustozu doʻstlarimdan, aziz sheʼrxonlardan juda-juda minnatdorman.

 

– Bizdan vaqtingizni ayamaganingiz uchun sizga ham rahmat. Siz kabi atoqli adiblarga havasi keladigan, elga manzur ijodkor boʻlishni orzu qiladigan yoshlar behisob. Tahririyatimiz eshigini eng koʻp taqillatadiganlar ham ana shunday yosh, umidvor qalamkashlar. Ularga qanday tavsiyalaringiz bor?

Oʻzingizni adib deb atashdan qoʻrqmang, oʻzgalar sizni adib deb atamasligidan qoʻrqing!

 

Orif TOLIB

suhbatlashdi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 1-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.