Tarixiy yodgorliklar nomi qanday yoziladi?

Tarixiy yodgorliklar nomi qanday yoziladi?

Tarixiy bino-inshootlar nomlarini qanday yozish haqida punktuatsiya qoidalarida aniq tartib koʻrsatilmagan. Shu sababli mavzuga yaqinroq boʻlgan qoidadan yechim topamiz.

Korxona, tashkilot va muassalarning shartli nomlari, yaʼni atab qoʻyilgan nomlari qoʻshtirnoqqa olinishi, qolgan hollarda qoʻshtirnoqsiz yozilishi haqida eslab oʻtgan edim.

Tarixiy yodgorlik nomida shaxs oti ishlatilgan boʻlsa va bu yodgorlik oʻsha shaxsga bevosita tegishli boʻlsa, unga qoʻyilgan ot odatda shartli nom deb hisoblanmaydi va qoʻshtirnoq ishlatilmaydi: Xudoyorxon oʻrdasi, Olloqulixon madrasasi, Nurullaboy saroyi, Oybek uy-muzeyi.

Agar bino-inshoot nomida joyni bildiruvchi soʻz ishlatilgan va u atab qoʻyilgan nom tarkibida boʻlmay, geografik tushunchani bildirayotgan boʻlsa, qoʻshtirnoq qoʻyilmaydi: Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Buxoro arki.

Agar tarixiy yodgorlikka biror shaxs nomi berilgan boʻlsa-yu, u bu bino bilan bevosita bogʻliq boʻlmasa, nom qoʻshtirnoqqa olinadi. Yaʼni bu shaxs madrasa, masjid, kutubxona, saroy, oʻrda kabi inshootlarni qurdirmagan, qurilishiga bevosita sababchi ham boʻlmagan, bu bino unga oid emas boʻlsa va nom ana shu shaxsga hurmat belgisi sifatida, uning sharafiga qoʻyilgan boʻlsa, uni qoʻshtirnoqda berish kerak. Masalan, poytaxtdagi “Abu Hurayra” jome masjidi. Buyuk sahobiy bu masjidni qurdirmagan, qurilishiga bevosita sababchi boʻlmagan. Masjid u kishining
sharafiga nomlangan.

Toshkentda “Forobiy” degan qabriston bor. Bunda mozor nomini qoʻshtirnoqda bergan maʼqul. Chunki bu qabristonni Forobiy qurdirmagan, uning ochilishida bosh-qosh boʻlmagan, olim bu yerga dafn etilmagan, xullas, bu qabriston Forobiyga oid emas. Qabristonga ulugʻ olimga hurmat belgisi sifatida shu nom tanlangan. Shu bois uni qoʻshtirnoqqa olish mantiqan toʻgʻri.

Koʻkaldosh madrasasi nomi esa qoʻshtirnoqsiz yoziladi. Nega? Chunki bu shartli nom emas. Buxoro va Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasalarini Buxoro xonining vaziri Qulbobo Koʻkaldosh qurdirgan.

Toshkentdagi Hastimom, yaʼni “Hazrati Imom” majmuasi imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy sharafiga atalgan. Fikrimcha, majmua nomini qoʻshtirnoq bilan yozgan toʻgʻriroq.  Chunki bu majmua yaqinda bunyod boʻldi. Lekin maqbara nomida qoʻshtirnoq ishlatmagan maʼqul: Hastimom maqbarasi. Maqbaraga ulugʻ olim dafn etilgan. Bevosita shaxs nomi boʻlmasa-da, shaxsning laqabi yoki taxallusi ham ism oʻrnida, yozilish tarzi ism bilan bir xil.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqoridagi yodgorliklar nomida tegishlilik maʼnosi bor. Koʻkaldosh madrasasi deganda bu madrasani Koʻkaldosh ismli shaxs qurdirgani, unga oidligi anglashiladi. Qoʻshtirnoqsiz yozish uchun yodgorlik nomiga -ning qoʻshimchasini qoʻsha olishimiz kerak: Xudoyorxonning oʻrdasi – mazmun-mohiyat oʻzgarmayapti, qoʻshtirnoq keraksiz. Forobiyning qabristoni – bunda qabriston shu olimga tegishli degan yanglish maʼno kelib chiqyapti, shuning uchun qoʻshtirnoqqa olish kerak.

Milliy ensiklopediya “Moʻyi Muborak” madrasasi, “Goʻri Amir” maqbarasi kabi birikmalarni qoʻshtirnoqsiz ishlatgan. Vaholanki, bular shartli nom hisoblanadi. Madrasa yoki maqbaraga shunday nom berilgan, uning oti shunday. Eʼtiborlisi, milliy ensiklopediyada madrasa, maqbara, yodgorlik nomlarida umuman qoʻshtirnoq qoʻllanmagan.

Chalkash-a?

Yangilanadigan imlo va punktuatsiya qoidalarida shu kabi holatlarga ham aniq-taniq javob berilishi zarur deb hisoblayman. Tarixiy bino-inshootlar nomida umuman qoʻshtirnoq ishlatmaslikni ham yoki nomlarni har doim qoʻshtirnoqqa olishni ham qabul qilish mumkin. Faqat qatʼiy qoida qilib belgilab qoʻyilsa boʻldi. Muhimi – foydalanuvchilar qiynalmasin, ikkilanmasin.

Hozircha esa qiyosiy xulosalarimizga tayanib turamiz.

 

📌  Demak:

 

Nurullaboy saroyi, Oybek uy-muzeyi, “Hazrati Imom” majmuasi, “Goʻri Amir” maqbarasi ✅

“Nurullaboy” saroyi, “Oybek” uy-muzeyi, Hazrati Imom majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube