Tarjima tahriri: mashgʻulotni yopish mumkinmi?
Tarjimon baʼzida asliyatdagi til taʼsiriga tushib qoladi va soʻz yoki iborani toʻgʻridan toʻgʻri agʻdarib qoʻya qoladi. Bu oʻzaro yaqin tillardan oʻgirganda ayniqsa koʻp kuzatiladi. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, turk tilidan tarjimalar shunaqa sunʼiy agʻdarmalarga nisbatan boyroq boʻladi. Tarjimon turkcha iborani oʻzbekchada ham deyarli bir xil takrorlaydi. Bu esa koʻpincha oʻzini oqlamaydi.
Tarjima tiliga ergashish uzoq tillardan tarjima qilishda ham kuzatiladi. Inglizchadan oʻgirilgan bir materialni tahrir qilayotib shunaqa holatlarga uchradim. Bir misol. Close the session iborasi mashgʻulotni yopish deb tarjima qilingan. Tarjimon session soʻzini mashgʻulot deb oʻgirib toʻgʻri qilgan. Chunki gap oʻqituvchilar treningi haqida. Biroq yopish soʻzini yanglish tanlagan. Oʻzbekcha ifodaga mos emas. Bu oʻrinda tugatish, yakunlash soʻzlarini qoʻllash toʻgʻri boʻladi.
📌 Demak:
Then the coach can close the session.
Keyin (yoki shundan soʻng) murabbiy mashgʻulotni tugatishi mumkin. ✅
Keyin murabbiy mashgʻulotni yakunlashi mumkin. ✅
Keyin murabbiy mashgʻulotni yopishi mumkin. ❌
Darvoqe, can hamisha ham qila olmoq deb tarjima qilinavermaydi. Baʼzan mumkin deb ham oʻgiriladi. Bunda imkoniyatga ega boʻlish maʼnosi anglashiladi.
Do you understand? 😉