Tarovih va taroveh
Bir soʻzning lugʻatlarda turlicha berilishi savodxonlikka salbiy taʼsir koʻrsatuvchi jihatlardan biridir. Tarovih soʻzi imlosida shunday muammo bor.
2013-yili nashr etilgan imlo lugʻati, izohli lugʻat, etimologik lugʻat, Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati, Boburnoma uchun tuzilgan lugʻat, milliy ensiklopediyada bu soʻz tarovih shaklida berilgan.
Ammo 1976-yilgi va 1995-yilgi imlo lugʻatlarida taroveh shaklida yozilgan.
Koʻp lugʻatlarda tarovih koʻrinishida berilgani, bu tarzda yozish asliyatga ham mos kelishini inobatga olib va soʻnggi chiqqan imlo lugʻatlariga tayanib, soʻrovnomada tarovih varianti toʻgʻri deb belgilangan edi.
Bu soʻz ogʻzaki nutqda taroveh tarzida koʻp ishlatiladi. Men shu shaklni ham tarovihning variantdoshi sifatida lugʻatlarga kiritish tarafdoriman.
Lugʻatshunoslar esa foydalanuvchilarni ikkilantiradigan bunday holatlarga barham berishlari zarur.
Tarovih arabcha taravihu – tarviha soʻzidan, oʻzbek tiliga tovush oʻzgarishiga uchragan holda oʻtgan. Asliyatda dam olish, hordiq onlari maʼnosini anglatadi. Ibodat maʼnosida esa asliyatda ham, oʻzbek tilida ham xufton namozidan keyin oʻqiladigan sunnat namozni anglatadi. Toʻrt rakat oʻqib, ortidan dam olingani uchun bu namoz tarovih deb nomlangan.
Orif Tolib