Tolstoyni taʼsirlantirgan kitoblar
Yaxshi yozuvchilar yaxshi oʻquvchi ham boʻladi. Ular nimani qachon oʻqishni biladi. Buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy ham xuddi shunday xislat egasi boʻlgan.
Londonda chiqadigan “Pall Mall Budget” jurnalida 1891-yili britaniyalik olim Jon Labbokning “100 buyuk kitob” sarlavhali maqolasi bosiladi. Bundan ilhomlangan rossiyalik noshirlar – Marakuyev va Lederle ham oʻz oʻquvchilari uchun shu singari maqola tayyorlashni niyat qiladi. Ularning rejasiga koʻra, bunday tavsiyalarning mualliflari Rossiyaning atoqli kishilari boʻlishi kerak edi. Mixail Lederlening oʻzi ham qalam tebratar, bolalar yozuvchisi edi. Peterburgda nashriyot va kitob doʻkoni ochgandi. Noshirlar birinchi boʻlib Lev Tolstoyga murojaat qiladi. Biroq taklif adibga maʼqul tushmaydi. U ingliz jurnalida chiqqan maqola haqida gapirib: “bu roʻyxat hech narsaga yaramaydi. Birinchidan, unda faqat mualliflar koʻrsatilgan, qaysi biri mahsuldor ekani aytilmagan, darajasi ham teng emas. Ikkinchidan, tanlanayotgan kitoblar shaxsning yoshi, maʼlumoti, feʼl-atvoriga qarab eng yaxshi boʻlishi ham, boʻlmasligi ham mumkin. Umuman, bu masalada jiddiy bosh qotirib, bir xulosaga keldim: 100 ta eng yaxshi kitobni qatʼiy belgilashning iloji yoʻq”, deydi.
Tolstoy noshirlarning iltimosini boshqacha usulda bajaradi. Oʻziga va ijodiga taʼsir qilgan kitoblar roʻyxatini tuzadi. Hayotini beshta shartli bosqichga boʻlib, oʻsha paytda oʻqigan eng yaxshi kitoblarini yozib chiqadi. Kitoblarning taʼsir darajasini ham koʻrsatadi: ulkan, juda katta va katta. Biroq adib yodiga kelgan kitoblarnigina roʻyxatga kiritganini, yana boshqalari esiga tushib qolsa, ularni ham qoʻshishini taʼkidlaydi. Ammo toʻliq nusxa yoʻqolgan, ana shu birinchi qoʻlyozmagina saqlangan, xolos. Quyida ushbu roʻyxat qisqartirilgan holda berilyapti:
Bolalik davri – oʻn toʻrt yoshgacha va shu atrofda
- “Ming bir kecha” ertaklari: “Qirq qaroqchi”, “Shahzoda Qamaruzzamon” – katta.
- Pogorelskiy. “Qora xoʻroz” – katta.
Ushbu asar rus tilida yozilgan ilk mualliflik ertagidir. Yozuvchi uni tarbiyalanuvchisi – boʻlajak adib Aleksey Tolstoy uchun qogʻozga tushirgan.
- Rus xalq dostonlari: “Dobrinya Nikitich”, “Ilya Muromets”, “Alyosha Popovich”, xalq ertaklari – katta.
- Pushkinning sheʼrlari: “Napoleon” – katta.
14 yoshdan 20 yoshgacha
- “Sentimental Journey” (Lorens Stern. “Fransiya va Italiya boʻylab hassos sayohat”) – katta.
- “Confession”, “Emile” – ulkan;
“Nouvelle Héloïse” – katta.
Fransuz faylasufi, yozuvchisi va mutafakkiri Jan-Jak Russo (1712–1778)ning “Iqrornoma”, “Emil” va “Yangi Eloiza” asarlari.
- Pushkin. “Yevgeniy Onegin” – katta.
- Shiller. “Qaroqchilar” – katta.
- Gogol. “Shinel”, “Ivan Ivanovich, Ivan Nikiforovich”, “Nevskiy shohkoʻchasi” – katta. “Viy” – katta. “Oʻlik jonlar” – katta.
- Turgenev. “Ovchining qaydlari” – katta.
- Dikkens. “David Koperfild” – katta.
- Lermontov. “Zamonamiz qahramoni”, “Taman” – katta.
- Preskott. “Meksikaning zabt etilishi” – katta.
20 yoshdan 35 yoshgacha
- Gyote. “German va Doroteya” – katta.
- Viktor Hyugo. “Notre Dame de Paris” (“Parij ibodatxonasi”) – katta.
- Tyutchevning sheʼrlari – katta.
Fyodor Tyutchev (1803–1873) – rus shoiri, publitsisti.
- Aleksey Koltsovning sheʼrlari – katta.
Aleksey Koltsov (1809–1842) – rus shoiri.
- “Odisseya” va “Iliada” (ruschaga tarjimasi) – katta.
- Fetning sheʼrlari – katta.
Afanasiy Fet (1820–1892) – rus shoiri, tarjimoni va memuarchisi.
- Aflotun. “Fedon” va “Ziyofat” (V. Kuzen yunonchadan fransuzchaga oʻgirgan nusxasi) – katta.
35 yoshdan 50 yoshgacha
- “Iliada” va “Odisseya” (yunon tilida) – katta.
- Xalq dostonlari – katta.
- Viktor Hyugo. “Misérables” (“Xoʻrlanganlar”) – katta.
- Mrs Wood. Romanlar – katta.
Missis
Henri Vud yoki Ellen Vud (1814–1887) – ingliz adibasi. Bir qator detektiv asarlar, romanlar muallifi.
- George Elliot. Romanlar – katta.
Jorj Eliot (1819–1880) – ingliz adibasi. Tolstoy uning “Keskin Feliks Holt” romanini yuqori baholagan.
50 yoshdan 63 yoshgacha
- Henry George. “Progress and Poverty” (“Taraqqiyot va qashshoqlik”) – katta.
Henri Jorj (1839–1897) – ingliz siyosatchisi va iqtisodchisi.
- “Pensées” (“Fikrlar”) – katta.
Blez Paskal (1623–1662) – fransuz matematigi, fizigi, adabiyotchisi va faylasufi. Fransuz adabiyotining mumtoz vakili, matematik tahlil va ehtimollar nazariyasining asoschilaridan biri, gidrostatikaning asosiy qonuni muallifi.
- Epiktet asarlari – katta.
Epiktet (50-138) – qadimgi yunon faylasufi.
- Konfutsiy va Mensiy asarlari – katta.
Konfutsiy (miloddan oldingi 551–479) va Mensiy (miloddan oldingi 372-289) – qadimgi xitoy faylasuflari.
- Lao Szi asarlari Julien tarjimasida – katta.
Xitoy faylasufi Lao Szining “Dao de szin” (yoki “Tao te king”) kitobining fransuz tiliga tarjimasi nazarda tutilyapti. Uni atoqli fransuz sharqshunosi Stanislas Juliyen (1797–1873) oʻgirgan.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 6-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.