Toshlar
Bir kuni bir odam ulgurji bozordan ikki qop sabzi-piyoz sotib oldi. Biroq uyga kelib hafsalasi pir boʻldi: sabzavotlar orasidan bir toʻp tosh ham chiqdi! Savdogarlar chuv tushiribdi. Lekin u qaytib borib janjal koʻtarmadi, indamay qoʻyaverdi.
Oradan qirq yil oʻtdi. Bir kuni uning darvozasini ikki munkillagan chol taqillatib keldi.
– Assalomu alaykum, – deb gap boshladi ular. – Biz seni bir zamonlar aldagan edik, kechirim soʻragani keldik.
Ularning hikoyasini eshitgan kishi ularni quchoqladi va:
– Ha, u voqea esimda. Lekin men sizlarni oʻshandayoq kechirganman. Toshlarni esa chuqurga tashlab yuborganman, – dedi.
– Biz esa ularni qirq yil yuragimizda olib yurdik, – dedi sobiq savdogarlar va birdan yengil tortishdi.
Orif Tolib
tarjimasi
“Irfon” taqvimi (2015-yil 1-chorak)da chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.