“Unniqmoq” nima degani?
Shu soʻz koʻp xato yoziladi va yanglish maʼnoda qoʻllanadi. Hatto koʻzga koʻringan adiblarning asarlarida ham bunga guvoh boʻlish mumkin.
Unniqmoq soʻzi boʻgʻiq qora tusga kirishni anglatadi:
– Uni oʻylayverib, oriqlab, unniqib ketdim… – dedi Ahmadjon.
A. Muxtor, “Davr mening taqdirimda”.
Asqar polvon qorayib unniqqan edi.
Oybek, “Quyosh qoraymas”.
Solining figʻoni osmonga chiqdi. Bir-ikki soat ichida uning qora yuzi battar unniqib ketdi.
Y. Shukurov, “Uch savol”.
Koʻpincha bu soʻz uniqmoq shaklida va rangi oqarmoq, rangi xiralashmoq maʼnosida ishlatiladi. Lekin bu – xato. Chunki uniqmoq soʻzi na izohli lugʻatga, na imlo lugʻatlariga kirgan. Bu – unniqmoq soʻzini yozish va qoʻllashdagi adashish xolos.