Unutilayotgan soʻzlar: izma
Kiyim, yostiq jildi va shu kabilarning tugma oʻtkaziladigan teshigini nima deb ataymiz? Koʻpchilik qatori siz ham bilmasangiz kerak. U izma deyiladi: izma ochmoq, izmasini tikmoq.
Fotima zanglab, koʻkarib ketgan mis tugmani izmadan chiqarib olib, choʻntagiga qadabdi.
S. Ahmad, “Onajonlar”.
Baʼzida atamalar tarjimasida soʻz topolmay qiynalib ketamiz. Ayrim soʻzlar esa tilimizning lugʻat sandigʻida zang bosib yotadi.
Menimcha, poyabzallarning ip oʻtkaziladigan teshigini ham shu soʻz bilan atash mumkin. Vazifasi oʻxshash.
🟢 Siz bu soʻzga shu paytgacha duch kelganmidingiz?
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.