Vallomat kim?

Vallomat kim?

Hozir blogerlar va internet foydalanuvchilari orasida urfga kirgan soʻzlardan biri – vallomatdir. Xoʻsh, u nima maʼnoni anglatadi?

Bu soʻz aslida vallamat soʻzining talaffuz variantidir. Vallamat esa valineʼmat soʻzining oʻzgargan shakli. U oʻzbek tilida 5 xil maʼnoga ega:

 

1️⃣ Oʻziga qaram kishilarni moddiy jihatdan taʼminlab turuvchi, ularga neʼmat beruvchi shaxs.

2️⃣ Elning kattasi; boshliq, amaldor.

3️⃣ El xizmatida boʻlgan; saxiy (shaxs haqida).

4️⃣ Koʻchma maʼnoda: mard kishi; mard.

5️⃣ (3-shaxs qoʻshimchasi bilanvallamati) Manman degani, har qandayi.

 

Hozir tilda soʻzning beshinchi maʼnosi urf boʻlgan:

 

Vallamati ham dunyoga ikki MARTA kelmaydi-ku, hammaga ham jon shirin.

X. Sultonov, “Onamning yurti”.

 

Bugun-erta menga suv tegadigan. Ma, mendan boshqa vallamati aytsayam, berma!

S. Siyoyev, “Yorugʻlik”.

 

Lekin bugun ayni maʼnoda soʻzga egalik qoʻshimchasi qoʻshilmayapti:

 

Oyogʻi yerdan uzilgan vallomatlar yaxshi bilib olsin, uzun tashlangan arqon oxiri tortiladi!

 

Ana, yana bitta vallomat, oʻzicha qonun-qoida yasab olgan.

 

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, hozir jonli tilda vallamat shakli deyarli qoʻllanmayapti. Biroq uni bu shaklda yozish ham xato emas.

 

📌  Demak:

Vallamat, vallomat ✅

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube