Vergul qachon ishlatiladi: eng asosiy 7 ta qoida
Shahnoza opa yaqinda vergulni qoʻllash qoidalarini ixchamlashtirib, besh-oltita qoidaga jamlash haqida yozgandi. Ana shu gʻoya asosida vergul ishlatiladigan eng muhim holatlarni yigʻib chiqdim. Imkon qadar ixchamlashtirdim.
Qoidalarga amal qilishda eng muhimi – mohiyatni tushunib olish. Shunga erishgan odam qoidada aynan koʻrsatilmagan oʻrinlarda ham tinish belgilarini toʻgʻri qoʻllay oladi.
Vergul eng koʻp qoʻllanadigan tinish belgisidir. Milliy ensiklopediyada yozilishicha, vergul teskari pesh, pesh, yarim turish, yarim tinish kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Vergul dastlab qisqa pauza uchun ishlatilgan, keyinchalik qoʻllanish doirasi va vazifasi kengaygan.
Oʻzbek tilida vergul quyidagi holatlarda ishlatiladi:
1️⃣ Uyushiq boʻlaklar va gapda takrorlangan soʻzlar bilan.
Sanash ohangi bilan bogʻlangan uyushiq boʻlaklar orasiga vergul qoʻyiladi. Gapning barcha boʻlaklari uyushiq boʻla oladi.
Gapda takrorlangan soʻzlar ham birdan ortiq kelgani sababli vergul bilan ajratiladi. Lekin ular uyushiq boʻlak hisoblanmaydi.
📌 Misollar:
Sen kuychi, paxtakor, olim…
U oʻqib, yozib, tahlil qilib chiqdi.
Yashil, sariq, qizil, koʻk rangdagi qogʻozlar.
U hovliqib, nafas olmay, tez-tez gapirardi.
Qani, qani, mehmonlarning qoʻliga suv quyvoringlar.
Bezovta qilib qoʻydim, uzr, uzr.
2️⃣ Ajratilgan boʻlaklar bilan.
Ajratilgan boʻlaklar ajratilgan izohlardir. Ular oʻzidan oldingi soʻzni izohlaydi. Ajratilgan boʻlaklar koʻpincha har ikki tomondan vergul bilan ajratiladi. Baʼzan ajratilgan boʻlakdan oldin vergul qoʻyiladi, xolos. Vergul oʻrnida tire ham qoʻllanishi mumkin.
Ajratilgan boʻlaklar odatda toʻxtam bilan ajratilib, mantiqiy urgʻu oladi.
📌 Misollar:
Azizga, sobiq talabaga, bu soʻz yoqmadi.
Enaxonning onasi, oʻzi pakana va uning ustiga bukchaygan kampir, oʻyin qilgan boʻlib, hammani kuldirdi. (Choʻlpon)
Islohotlarga biz, yaʼni yoshlar ham hissa qoʻshishimiz kerak.
3️⃣ Kiritmalar (kirish soʻzlar, kirish birikmalar va kirish gaplar) va modal soʻzlar bilan.
Kirish soʻzlar va birikmalar soʻzlovchining oʻzi bayon qilgan fikriga munosabatini
bildiradi. Kirish gaplar esa asosiy gapda qoʻshimcha fikr bildiruvchi gapdir.
Modal soʻzlar bayon qilinayotgan fikrga munosabat maʼnosini, fikrning tartibini, kimga qarashli ekanini, fikrning oldingi fikr bilan bogʻliqligini bildiradi. Ular gapdan tashqari boʻlak hisoblanadi va asosan kirish soʻz boʻlib keladi.
📌 Misollar:
Astoydil ishlansa, shubhasiz, bu yerdan yaxshi hosil olish mumkin.
Yuqoridagi voqea, guvohlarning aytishicha, kechki soat beshlarda yuz bergan.
Yolgʻiz borishga, ochigʻini aytsam, yuragim dov bermadi.
Balki, bu haqda bir oʻylab koʻrarsiz.
Afsuski, bu masalada aniq toʻxtamga kelinmagan.
Aks holda, jiddiy chora koʻriladi.
4️⃣ Undalmalar va undov soʻzlar bilan.
Undalma soʻzlovchining nutqi qaratilgan shaxs yoki predmetdir.
Undov soʻzlar esa his-hayajon va xatobni bildirishga xizmat qiladigan soʻzlardir.
📌 Misollar:
Azizlar, bir oz sabr qilamiz.
Ogʻayni, bu masalaga yengil qarash yaramaydi.
Kuylang, oshiq bulbullar, shivirlang, ey yaproqlar.
Hoy, bu nima qilganingiz axir?!
Oh, judayam ajoyib kun boʻlyapti-da!
Ehe, men gapirmay, siz eshitmang.
Rahmat, kelgusida takliflaringizni inobatga olamiz.
5️⃣ Boshqa boʻlaklarga bogʻlanmagan soʻzlar bilan.
“Ha”, “yoʻq”, “xoʻp”, “qani”, “xoʻsh”, “nima”… kabi soʻzlar gapda boshqa boʻlaklar bilan grammatik aloqaga kirishmay kelishi mumkin. Yaʼni ular ega, kesim yoki ikkinchi darajali boʻlak boʻla olmaydi.
Bu soʻzlarni olib tashlasa ham, gap tuzilishi buzilmaydi, lekin maʼno darajasi oʻzgaradi. Ana shu soʻzlar ham vergul bilan ajratiladi.
📌 Misollar:
Qani, bu holatni oddiyroq tushuntirib bering-chi.
Bu savolga, xoʻsh, huquqshunos javob bera qolsin.
Nima, shu oddiy narsani bilmaydi deb oʻylayapsizmi?
6️⃣ Muallif gapini koʻchirma gapdan
ajratishda.
Koʻchirma gap dialog shaklida tire bilan yoki matn ichida qoʻshtirnoq bilan berilishi mumkin. Har ikki holatda ham vergulga ehtiyoj bor:
📌 Misollar:
– Men bugun borolmayman, – dedi u.
“Men bugun borolmayman”, dedi u.
7️⃣ Birdan ortiq ish-harakat ifodalangan sodda gaplar, birdan ortiq kesim qatnashgan qoʻshma gaplarda.
Xuddi uyushiq boʻlaklar kabi birdan ortiq ish-harakat va kesim keladigan oʻrinlarda ham ketma-ketlik, sanash maʼnolari bor. Bunday holat esa vergul talab qiladi.
📌 Misollar:
Dadam kelgach, osh suzildi.
Gullar ochilib, atrofga anvoyi boʻylar taraldi.
U oʻqidi, yozdi, tahlil qildi.
Qayerdadir chumchuqlar chugʻurlaydi, olislardan esa traktorning tirillashi eshitiladi.
Kasbi – oʻqituvchi, mutaxassisligi – matematik, ijodkorligi ham bor.
Atrof qorongʻi, lekin daraxtlar yaqqol koʻzga tashlanadi.
Oʻquvchi qoidani yodlab oldi, lekin mazmuniga yaxshi tushunmadi.
Achchigʻim chiqdi-yu, ammo bildirmadim.
Xato qilganini bilib tursa-da, tan olmadi.
Yo siz keling, yo men boray.
Na bozorga bordi, na chala qolgan ishlarini bitirdi.
Bu fikrga qoʻshila olmaymiz, chunki asosi yoʻq.
❗️ Eslatmalar:
Undov, undalma va kiritmalar gap boshida kelganda vergul ulardan keyin, gap oʻrtasida kelganda har ikki yondan, gap oxirida kelganda ulardan oldin qoʻyiladi.
Qoʻshma gaplar yoki uyushiq boʻlaklar va, -u, -yu, hamda, yo (gapda bir MARTA qatnashsa) kabi teng bogʻlovchilar bilan bogʻlansa yoki sanalsa, ular orasiga vergul qoʻyilmaydi.
Vergul qavs va qoʻshtirnoq bilan qoʻllanganda ulardan keyin, tire bilan qoʻllanganda undan oldin qoʻyiladi, koʻp nuqta bilan kelganda esa tushib qoladi.
Orif Tolib