Xalqning umrboqiyligi – uning tili bilan
Chingiz Aytmatov xulosalaridan
Ulugʻ qirgʻiz adibi. “Birinchi muallim”, “Erta qaytgan turnalar”, “Yuzma-yuz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Somon yoʻli”, “Momo yer”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Qiyomat”, “Asrga tatigulik kun”, “Kasandra tamgʻasi”, “Qulayotgan togʻlar” kabi asarlari mashhur. Kitoblari adadiga koʻra, dunyoda eng sevib oʻqiladigan oʻn adibning biri.
Yozuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.
- Doʻst yomon kunda bilinadi, deyishadi. Menimcha, ularning qandayligi yaxshi kunda ham bilinadi.
- Juda koʻp odamlar kasalliklar sababligina emas, oʻzlarini aslidagidan koʻra ulugʻroq koʻrsatish degan dardi bedavodan halokat topadilar.
- Oshqozon miyadan aqlliroq. Chunki u qayt qilishni biladi. Miya esa har qanday chiqindini qabul qilishi mumkin.
- Muhabbat bu – oʻzingni boshqa odamda yoʻqotishdir.
- Xalqning umrboqiyligi – uning tili bilandir.
- Chinakam oʻquvchi kitobni qoʻliga olgach, oʻzini kashf etadi, oʻzidagi ilohiy isteʼdodni – hamdardlik, odamiylik isteʼdodini yuzaga chiqaradi. Agar baʼzi-baʼzida shu hol yuz beradigan boʻlsa, demak, kitob oʻz ishini bajaribdi – boshqalarning fikri, tuygʻusi, orzusi va xatti-harakatiga aylanibdi. Demak, u oʻquvchilarning intilish va irodasi bilan nimalardir qila oladi – xalq, hayot va dunyoni yaxshi tomonga siljita biladi.
- Ulugʻ adiblarning asarlarida katta kuch bor. Ularni ocharkansan, ular ham sendagi qirralarni ochadi.
- Har bir yangi egallangan til har qanday odamning bebaho boyligidir.
- Totalitar sharoitda qalb chanqogʻimizni mutolaa qondirdi, ogʻriqlarimizga malham boʻldi.
- Elchilikni koʻpchilik ayyorona ish deb tushunadi. Yoʻq, men hamisha ochiq-oshkora, samimiy yoʻl tutaman. Agar qingʻirlik yoʻqligini, koʻngil tozaligini his qilib tursa, odamlar sizga albatta ishonadi. Menimcha, insoniy va diplomatik aloqalar oʻrnatishimda menga aynan shu sifat juda qoʻl kelgan.
- Ommaviy madaniyat qanchalik kuch-qudratli boʻlsa, unga shunchalik jiddiy qarshi kurashish kerak. Bunga yangi badiiy qadriyatlarni yaratish va borlarini asrab-avaylash bilan erishiladi.
- Deyarli har bir asarimda mifologik mavzularga murojaat qilganman. Chunki u juda boy manbadir.
- Men barchaga – gʻarbliklarga ham, sharqliklarga ham birday taalluqli mavzularga qoʻl urishni istayman.
- Katta adabiyotda umrboqiy mavzular aks etishi kerak.
- Real hayotda sevgi-muhabbat munosabatlari yoʻq boʻlishi mumkin. Ammo uning fantaziyamizda, tasavvurimizda borligi katta ahamiyatga ega. Albatta, bu ijod uchun ham katta turtki beradi.
- Ideal ayol deganda men hamisha ziyolilik darajasini birinchi oʻringa qoʻyganman. Aqliy salohiyatini ham, albatta. Umuman, ideal bosqichma-bosqich, uzoq va koʻp sonli kuzatishlar asosida shakllanadi.
- Ernest Heminguey menga bolaligimdan katta taʼsir koʻrsatgan… Jahon adabiyotidan Markes, Joys va Prust ijodimga yaqin. Oʻzimizning yozuvchilardan esa – Fozil Iskandar.
- Tez olovlanib ketishdan, birovni ayblash va janjal koʻtarishdan oʻzimni tiyaman. Doim ogʻir-bosiq boʻlishga intilaman.
- Zamonaviy jamiyat oʻta moʻrt. Hamma narsa universallashayotgan globalizatsiya zamonida milliy madaniyatlar juda koʻp jabhalarda imkoniyatini boy beryapti. Bu manqurtlikka olib kelishi mumkin. Barcha milliy madaniyatlar bitta totalitar ommaviy madaniyat siquvi ostida qolishi ehtimoli bor. Demokratik tamoyillar bizni taraqqiyotga olib boradi va qoʻrquv-xavotirlar amalga oshmaydi, deb umid qilaman.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 9-sonida chop etilgan.