Xatoyim, xatoim yoki xatom
1995-yilgi imlo qoidalariga koʻra, parvo, obro‘, mavqe, mavzu, avzo soʻzlariga I, II shaxs egalik qoʻshimchalari qoʻshilganda bir y tovushi qoʻshib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obro‘yim, obro‘ying; obro‘yimiz, obro‘yingiz kabi.
III shaxs egalik qoʻshimchasi parvo, avzo, obro‘, mavqe soʻzlariga -yi shaklida, xudo, mavzu soʻzlariga esa -si shaklida qoʻshiladi: avzoyi, mavzusi kabi. Dohiy, vodiy, homiy singari y undoshi bilan tugagan soʻzga xam III shaxsda -si qoʻshiladi: dohiysi, vodiysi, homiysi kabi.
Xoʻsh, xato soʻziga egalik qoʻshimchalari qoʻshilganda-chi? O unlisi bilan tugagan soʻzlarga I, II shaxs egalik qoʻshimchalari -im, -ing shaklida ham, -m, -ng shaklida ham qoʻshilishi mumkin. Baʼzida y tovushi orttirilishi ham, orttirilmasligi ham mumkin. Buning aniq meʼyori yoʻq.
Imlo qoidalarida koʻrsatilgan parvo soʻziga qiyosan olsak, xato soʻzini ham xatoyim, xatoying kabi turlashimiz mumkin.
Qoidalarda kabi yoki singari degan soʻzlar yoʻq. Istisno sifatida beshtagina soʻz ajratib koʻrsatilgan, xolos. Demak, qolgan holatlarda y tovushini orttirmaslik kerak, deyish ham mumkin. Ammo bu unchalik ham toʻgʻri xulosa emas. Masalan, tilimizda xudoyim soʻzi koʻp ishlatiladi. Izohli lugʻatda ham shu shakl qatnashgan misollar juda koʻp. Xudo soʻziga I shaxs egalik qoʻshimchasini qoʻshganda y tovushi orttirilishi imlo qoidalarida alohida koʻrsatib oʻtilmagan boʻlsa-da, uni shu shaklda turlash toʻgʻri.
Eng toʻgʻri yoʻl – jumla yoki ifodaning talabiga koʻra ish koʻrish. Xatom shaklida ishlatish asosan badiiy adabiyotda, ayniqsa sheʼriyatda vazn talabidan kelib chiqib koʻp qoʻllanadi. Ogʻzaki nutq qisqalikni yoqtirgani uchun koʻproq xatom varianti tanlanadi.
Mening xulosam shu: xato soʻzini xatoyim, xatoim va xatom shaklida ishlatish mumkin.
Misollar lotin alifbosida koʻrsatib oʻtildi. Xulosa kiril yozuvidagi holatga ham tegishli.
Orif Tolib