Yaʼni: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Yaʼni soʻzi bilan vergul ishlatishda koʻp xato qilinadi. Bu bogʻlovchi gap yoki gap boʻlagini unga izoh beruvchi boshqa soʻz yoki jumla bilan bogʻlash uchun ishlatiladi.
Yaʼni bogʻlovchisi jumla ichida kelganda undan oldin vergul qoʻyiladi:
Mulla Muhsin Xatib domla kabi pishiq-puxta, yaʼni zamona ishlariga tushunadigan kishi emas.
A. Qodiriy, Obid ketmon.
Yaʼni soʻzi jumla boshida yoki ichida kelishidan qatʼi nazar, oʻzidan keyin vergul talab qilmaydi:
Zamon poʻk narsani tez unutdirar. Yaʼni turgʻunlikdan hayot oʻch olar.
M. Shayxzoda, Toshkentnoma.