Yashma toshi
Bir yosh yigit qimmatbaho toshlarga juda qiziqardi. Shu sababli zargar boʻlishga qaror qildi. Bu hunar bilan shugʻullanadigan boʻlsam, uning mohir ustasi boʻlishim kerak, deb oʻyladi u va shu oʻlkadagi eng yaxshi zargarni soʻroqlab bordi. Usta uni ozgina kuttirgach, qabul qildi. “Xoʻsh, xizmat?” deb soʻradi. Yigit toshlarga mehr qoʻyganini, zargar boʻlmoqchi ekanini hayajonlanib soʻzladi. Qari zargar uning gaplarini jimgina tingladi, soʻng bir toshni koʻrsatdi. “Bu – yashma toshi, – dedi va uni yigitning kaftiga qoʻyib, hovuchini berkitdi. – Hovuchingni yil boʻyi ochmaysan. Bir yildan keyin kelasan. Mayli, salomat boʻl”. Usta bu gapdan soʻng xonadan tez chiqib ketdi.
Yigit uyiga qaytib, uning kelishini intiqlik bilan kutib oʻtirgan ota-onasiga boʻlgan voqeani aytib berdi. Soʻzi orasida bu ishda maʼno koʻrmaganini va ustaning sovuq muomalasidan xafa boʻlganini ham qistirib oʻtdi. Kunlar oʻta boshladi. Boʻlajak zargar tinimsiz nolir, lekin hovuchini ochmasdi. “Nega bunaqa ahmoqona ish buyurdi? Mamlakatdagi eng kuchli zargar shu boʻlsa… Bu bemaza topshiriqqa yil boʻyi qanday chidayman, aziyatlariga qanday dosh beraman? Shuyam usta boʻldimi? Ustozman deb boshidanoq qiynashni boshlar ekan-da” deganga oʻxshash gaplarni aytib yurardi-yu, hovuchini mahkam tutardi. Uxlaganimda kaftim ochilib, tosh tushib ketmasin deb yarim uygʻoq holda mizgʻirdi. Ishlarini ham bir qoʻlida bajarardi, tosh bor qoʻli hamisha musht holatida turardi. Bunga koʻnikkach, bitta qoʻlda ham yaxshi ishlay oladigan boʻldi.
Nihoyat, bir yil oʻtdi. Yigit zargar huzuriga bordi. Usta doimgiday biroz kuttirgach, shogirdining yoniga keldi. Yosh zargar, qanchalik bemaʼni boʻlsa-boʻlsin, bu ishni oxiriga yetkazdim, deganday gʻururli bir qiyofada hovuchini ochdi. “Bir yil kaftimda olib yurdim, bu yogʻiga nima ish qilaman?” deb soʻradi. Usta sokin bir tovushda javob berdi: “Endi senga boshqa bir tosh beraman, uni ham xuddi shunday bir yil hovuchingda olib yurasan”. Bu gap oʻlganning ustiga tepgan boʻldi. Shogirdning sabr kosasi toʻldi, baqirib-chaqirishga tushdi. Yigit asabiylashib oʻzini boshqara olmay baqirayotgan paytda usta uning hovuchiga bir toshni tutqazdi. Yigit beixtiyor kaftini siqdi va toshni his etdi. Biroz turib, yana ozroq siqdi va hayajonlanib dedi: “Bu tosh yashma emas-ku, usta!”
Albatta, bu bir hikoya, balki hayotda boʻlmagandir. Ammo unda hayotiy haqiqat bor. Qarang, yigit sabr-matonati tufayli yashma toshini aniq ajratadigan darajaga yetdi. Zargar uchun esa bu juda muhim fazilat. Toshni toshdan ayira olmaydigan zargar zargarmi? Qissadan hissa, chinakam bilim egallash uchun vaqt kerak, chidam kerak, haqiqiy ustoz kerak. Vaqtlar oʻtaveradi, dunyo yangilanib, zamonaviylashib boraveradi. Biroq oʻqish-oʻrganish sharti, yoʻsini oʻzgarmaydi.
Orif TOLIB tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 10-sonida chop etilgan.