Yogurt
Tilimizda oldin tez-tez qoʻllangan, keyin boshqa tillarga oʻtib, yana qaytib kelgan jahongashta soʻzlar bor. Shulardan biri – yogurt.
Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida bu soʻz yoʻgʻrut shaklida, qatiq maʼnosida keladi. Asarda qatiq soʻzi ham xuddi shu maʼnoda ishlatilgan oʻrinlar bor. Demak, qadimda bu ikki soʻz maʼnodosh sifatida qoʻllangan.
Soʻzning yogurt koʻrinishi bizga rus tilidan oʻtgan. Rus tiliga esa Yevropa tillaridan kirgan. Bu soʻz inglizchada yogurt, fransuzchada yaourt shaklida uchraydi. Bu tillarga esa turk tilidan oʻtgan.
Yogurtning kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Lekin bu ichimlik oʻta uzoq oʻtmishga egaligi aniq. Taxminlarga koʻra, u 8000-yillik tarixga ega.
Yevropada qatiqning ommalashishi bevosita fransuz qiroli Fransisk I (1494–1547) nomi bilan bogʻlanadi. Ogʻir qorin ogʻrigʻiga chalingan qirol Yevropa tabiblarining dori-darmonlaridan hech qanday shifo topa olmaydi. Shunda Usmoniylar saroyidan maxsus chaqirtirilgan tabib uni qadimiy turkcha usulda – yoʻgʻrut (qatiq) bilan davolaydi.
Hukmdorni oʻlimdan asrab qolgan bu moʻjizaviy ichimlik haqidagi ovoza tez orada butun Yevropaga tarqaladi. Biroq qiziq tomoni shundaki, shifo topgan qirol voqeasidan soʻng yogurt Yevropada oddiy oziq-ovqat sifatida emas, balki faqat dorixonalardagina sotiladigan noyob dori vositasi sifatida qabul qilingan.
Bu mahsulotning chinakamiga ommalashishi va har bir xonadonga kirib borishi uchun yana bir necha asr kerak boʻldi. XX asr boshlarida Nobel mukofoti sovrindori Ilya Mechnikov yogurtning inson umrini uzaytiruvchi foydali xususiyatlarini ilmiy jihatdan isbotlab, uni keng targʻib qilganidan soʻnggina u butun dunyoda eng xaridorgir kundalik mahsulotlardan biriga aylandi.
Bugungi oʻzbek tilidagi yoʻgʻirmoq, yoʻgʻrilmoq soʻzlari yogurt bilan tarixan oʻzakdosh. Yoʻgʻirmoq aralashtirmoq, qoʻshmoq degani. Sut va oqliq aralashishi, qoʻshilishi natijasida yogurt hosil boʻladi.
Soʻzning yoʻgʻurt shakli ham lugʻatga kirgan va bu koʻrinishda ishlatish xato emas.
📌 Demak:
Yogurt, yoʻgʻurt ✅
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

