Yoʻldosh Eshbek. “Qizgʻaldoqlar ochildi”
Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2016-yil. 264 bet. Sheʼrlar toʻplami. Kitobni 2016-yil 12-dekabr kuni sotib olgan ekanman. 2019-yil dekabr oyi boshida oʻqishga kirishib, 14-kuni tugatdim.
Favqulodda va nodir fikrlash tarzi, tuygʻuning tiniqligi, tafakkurning kengligi – chinakam shoirga xos xususiyat. Ana shu xususiyatlarni amalda qoʻllay bilishnigina isteʼdod deb tushunaman. Qobiliyat zoʻr boʻlishi mumkin, lekin ifoda qila olmasang, nima foydasi bor? Har qanday shoir ijodini oʻqib-oʻrganayotganda shunga eʼtibor qarataman. Favqulodda misralar bormi? Shoir oʻzini oʻzi qay darajada ifoda eta olgan?
Yoʻldosh Eshbek sheʼriyati bilan deyarli tanish emasdim. Bu kitob birmuncha tasavvur berdi. Har xil darajadagi sheʼrlarga duch keldim, orasida meni rostakamiga hayratlantirgan misralar ham bor. Ana shunday misralardan baʼzilarini sizning ham eʼtiboringizga havola etaman:
Tilim bagʻrim ichinda
Darding sezib yotadi.
Qoʻshiq qilib qalbimni
Koʻzlarimga otadi.
***
Soʻzga aylanmagan yonish tomchilar.
***
Vijdonsiz nomusli niqobin qoʻymas.
***
Koʻzlari koʻzguli qiz.
***
E, koʻngli tilsimgina,
Nafasi nasimgina.
***
Daraxtlar shoxida gulday qushchalar,
Gullarda shabnamlar – qushlarning koʻzi.
Shabnamlar bagʻrida kulgan gʻunchalar –
Tillaringday biyron bahorning soʻzi.
***
Bir ajoyib tong bilan mayin
Qoʻshilishib yomgʻirlar yogʻar.
***
Oʻksib-oʻksib undan izladim
Begʻubor chogʻ – goʻdak izlarim.
Changlar koʻmgan jajji hislarim,
Nafasimning otash islarin.
***
Toʻlqin otib chopar maysalar,
Silkinadi qirlar yelkasi.
***
Tun. Yulduzlar oyoq uchida
Kirib kelar bosh eggan koʻyi.
***
Kirar shaharchaga Navroʻz toʻlqini,
Yerning tabassumi – jannat yolqini.
***
Olamga qor tushdi, sovidi kunlar,
Egasiz it kabi dalalar uvlar.
Miltirar yulduzlar, taftsiz uchqunlar,
Balki hech oʻchmasdir xotirdagi nur.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.