Yozuvchi Erkin Aʼzam bilan suhbat

Yozuvchi Erkin Aʼzam bilan suhbat

“Yozganimni bilaman, bilganimni yozaman”

 

Asar oʻquvchiga nimadir yuqtirish, unda fikr uygʻotish uchun yoziladi. Lekin bugun asarning “bozorbop”ligi oʻquvchining xohishigagina bogʻliq boʻlib qolyapti. Siz oʻquvchining didiga moslashishga intilasizmi yoki badiiy mukammallikka?

– Ustoz Abdulla Qahhor yozuvchi xalqning dilidagini ifodalay bilishi kerak, deb taʼlim beradilar. Xalqning dilidagini ifodalash uchun esa mana shu xalqning vakili, vakili boʻlgandayam ziyoli vakili, ilgʻor vakili boʻlishi kerak. U hayotni “qogʻozda qotirib qoʻyadigan” fotograf emas.

Oʻquvchining didiga moslashish va badiiy mukammallik masalasiga kelsak. Yozuvchi hamma narsadan xabardor, hamma sohaning bilimdoni boʻla olmaydi. Buning iloji yoʻq.

Lekin oʻzi yozayotgan narsani mukammal bilishi kerak. Tuzum oʻzgaradi, anʼanalar oʻzgaradi. Bir paytlar rejali iqtisodiyot ustivor edi, bugun bozor iqtisodiyotiga oʻtildi. Bozor iqtisodiyotining eng muhim belgisi – molingiz xaridorga maʼqul kelsa-keldi, boʻlmasa sinasiz. Adabiyotda ham shunday. Oʻquvchini hayratlantira oladigan, badiiy zavq ulashadigan, yangilik beradigan asar yaratish hozirgi adabiyotning taomili. Agar shunday asar yarata olmas ekansiz, adabiyot maydonidagi xaridordan – oʻquvchingizdan ayrilib qolishingiz tabiiy. Lekin boya biz aytgan ziyoli yozuvchi, ilgʻor yozuvchi xalqning didini, saviyasini biladi-da. Xalq deganiyam oʻzi katta tushuncha. Uning ichiga olomon ham, nodon ham, omi ham, oʻqiydiganu oʻqimaydigan ham kiradi. Yaxshi yozuvchi nimani yozishni, xalq dardini, orzu-armonlarini qanday ifodalashni yaxshi biladi.

 

Men, masalan, nima haqida yozishni oʻylab oʻtirmayman. Chunki nimani yozish kerakligini bilaman-da. Axir shu xalqning vakiliman, shu xalqning ichida yuribman.

Maʼlumki, asar qahramonlarining prototipi – hayotdagi siymosi boʻladi. Siz qahramonlarni hayotdagi kimdandir olasizmi yoki idealingiz, oʻy-xayolingizdagi obrazni tasvirlaysizmi?

– Shoir odam xayolidan, koʻnglidan oʻtgan tuygʻu-kechinmalar, oʻy-fikrlarni qogʻozga tushiradi. Lekin nasriy asarda albatta birorta voqea-hodisa asos qilib olinishi kerak. Syujetni boshdan-oyoq toʻqib chiqarishning esa iloji yoʻq. Majbursiz, kimningdir hayotini, tabiatini, dunyoqarashini asos qilib olasiz. Lekin aynan oʻzini koʻchirib qoʻymaysiz. Chunki sizning aytmoqchi boʻlgan fikringiz, dardingiz boʻladi. Oʻsha olgan qahramoningizga boshqa sifatlarni qoʻshasiz, ayrim belgilarni olib tashlaysiz. Men falonchini tasvirladim desangiz, ayrimlar: “Uni pakana deb yozibsiz, axir u daroz-ku”, deb eʼtiroz bildiradi. Yozuvchi asarning maqsad-mohiyatiga qarab obrazni qayta ishlaydi, aytmoqchi boʻlgan fikriga moslaydi. Baʼzan qahramonni umuman tanib boʻlmay qoladi.

Abdulla Qahhor “Birinchi domlam” maqolasida yozishicha, adabiyotdagi dastlabki saboqni Gogoldan olgan ekan. Yosh qalamkash ustoz shoir-yozuvchilarning asarlarini oʻqib, uqib koʻp narsa oladi, ularning ifoda yoʻsinini oʻrganadi. Siz koʻproq kimdan oʻrganasiz, domlalaringiz haqida?

– Abdulla Qahhorni oʻqiganman, Gʻafur Gʻulomni oʻqiganman, Oybekni oʻqiganman. Oʻzbek adabiyotidagi jamiki adiblarning asarlarini oʻqib chiqqanman desam mubolagʻa boʻlmaydi. Adabiyot – bepoyon, tubsiz ummon. Agar faqat oʻzbek adabiyoti bilan chegaralanib qolganimda ham boʻlmasdi. Jahon adabiyotini, ayniqsa, rus adabiyotini koʻp oʻqiganman. Koʻp oʻqish yozuvchiga hech qachon ziyon keltirmaydi, faqat foyda beradi, xolos. Yozuvchiga manmanlik, mansabparastlik, kayfu safoga berilish zarar keltiradi. Oʻqiganlarimdan qanchalik taʼlim oldim, qanchalik oʻrgandim – buni asarlarim koʻrsatadi.

Yaqinda “Suv yoqalab” kinoqissangiz tanlovda gʻolib chiqdi. Televizorda “Falon soʻm mukofot berildi”, deb eʼlon ham qilishdi. Kino sohasidagi keyingi izlanishlaringiz toʻgʻrisida gapirib bersangiz.

– Men kino sohasiga yoshlikdan qiziqar ekanman. Lekin buni keyinchalik anglab yetdim. Yusuf Roziqov degan mashhur kinorejissyorimiz bor. Shu kishi: “Keling, birga kino yozamiz. Sizning yozganlaringiz kinobop ekan, kino qilsa boʻladi, sizdan bir balo chiqadi”, deb meni kinoga olib kirdi. Lekin bugun kino sohasini uncha-muncha tushunib har narsani kino qilavermaslik kerak, buning iloji ham yoʻq degan qarorga keldim. Kino – bu alohida sanʼat.

Keyingi ijodiy ishlar haqida gapiradigan boʻlsam, “Zabarjad” degan kinoqissa yozildi. Bu asarning tasvirga olish ishlari nihoyasiga yetdi, yaqin kunlarda tomoshabinlar ixtiyoriga havola etiladi. Yana “Qarzdor” degan asarni yozib tugatdim. Lekin uni hali hech kim oʻqigani yoʻq, rejissyorlarga ham bermadim. Hozirda uchta asarim suvratga olinyapti. Tagʻin bular: “Siz kino yozishga zoʻr ekansiz”, deb “Tafakkur”dan boʻshatib, oʻzlariga olib ketib qolishmasin… Yangi asarimning nomini “Oʻzbek” deb qoʻysa ham boʻladi. Bunda oʻzbekning ota-onasidan, yor-doʻstlaridan, oilasidan, eng muhimi – yurtidan qarzdorligi haqida gap ketadi. Oʻzbek boʻlish qiyin degan maʼnoda…

Yozuvchi-shoir fikrni tomdan tarasha tushganday toʻppa-toʻgʻri aytib qoʻya qolmaydi. Ramzga, oʻxshatishga tayanib ish koʻradi, “qogʻozga oʻraydi”. Sizning asarlaringizda ham shu narsani kuzatganman. Fikrni ramziy ifodalashdan maqsad nima?

– Boʻlgan voqeani tomdan tarasha tushganday aytib qoʻya qolish – jurnalistning
ishi, reportyorning ishi. Yozuvchi esa tasviriy vositalardan, ramzdan, oʻxshatishlardan foydalanadi. Maqsad – asarni sanʼat darajasiga koʻtarish. Badiiy mukammallikka erishish. Agar yozganlaringiz oʻquvchini hayratlantirmasa, hayajonga solmasa – hamma harakat bir pul boʻladi. Shuning uchun fikrni “qogʻozga oʻrash”, oʻragandayam “yaltiroq qogʻoz”ga oʻrash lozim.

Yosh qalamkash oʻz ijodini taqliddan boshlaydi. Kimgadir ergashadi, turtinadi-surtinadi – odam boʻladi. Ijodga qadam qoʻygan dastlabki paytlaringizda kimga taqlid qilgansiz?

– Taqlid qilmagan odamning oʻzi yoʻq. Taqlid qilmaslik uchun hech narsani oʻqimaslik kerak. Biror narsani qoralash uchun esa oʻqish kerak. Oʻqiganda qanday yozishni oʻrganadi, tabiiyki, taqlid qiladi. Hatto xat yozishning ham oʻz qoidasi boʻladi-ku. Lekin taqliddayam taqlid bor. Tinimsiz izlanmagan odam oʻsha taqlid bosqichida qolib ketadi. U yozuvchi emas, soya boʻladi, kimningdir nusxasi boʻladi. Afsuski, taqlid bugun urchib ketdi. Bir-biriga oʻxshash asarlar, bir-biriga oʻxshash kinolar meʼyordan ortiq darajada. Bu ijodiy mustaqillikning yoʻqligidan. Ijodiy mustaqil odamning oʻz dardi, oʻz iztirobi, oʻz fikri boʻladi. U aytmoqchi boʻlgan gapini, maqsadini juda yaxshi biladi. Asta-sekin orginal yozuvchiga, novator yozuvchiga aylanadi.

Bizning davrimizda faqat sotsialistik realizm metodi bor edi. Hamma shu yoʻnalishda yozishi kerak edi. U paytlari hech kim: “U yoʻnalishda yozma, bir kunlik hayotingni, yurgan yoʻlingni, yon-atrofni, odamlarni tasvirla, hikoya ham, qissa ham yozma, faqat koʻnglingdan oʻtgan gaplarni yoz, toʻgʻrisini yoz”, deb aytmagan. Agar yosh ijodkor xuddi shu taxlitda harakat qilsa, oʻz maqsadlari sari toʻgʻri yoʻldan ketgan boʻladi. Hayotni chuqur kuzatgan, yaxshi bilgan yozuvchi kam boʻlmaydi. Lekin shu narsalarni rostgoʻylik bilan yoza bilish ham muhimdir.

Aksariyat yozuvchilar boshidan kechirganlarini qalamga oladi. Bunday asarlar koʻpincha hayotiy, oʻqishli chiqadi. Sizning qaysi asarlaringiz hayotingizdan hikoya qiladi?

– Faqat tasavvur bilan yozadigan, iqtidori baland yozuvchilar ham, balki, bordir. Lekin, menimcha, adabiyot – hayot haqidagi fan, u hayotga asoslanishi kerak. Uning bevosita koʻzgusi emas, shu bilan birga, hayotga asoslanadigan sanʼat. Men oʻzim qatnashgan, oʻzim koʻrgan, guvohi boʻlgan, oʻzim bilgan narsalarni yozganman.

Adabiyotda “men” degan forma bor. Voqea birinchi shaxs – “men” tilidan hikoya qilinadi. Baʼzilar mana shunday asarlarimdagi qahramonlarni men deb oʻylashadi. Bu mutlaqo xato. Qahramon bajargan biror-bir ezgu ishni men qilmagandirman, doʻstimga tegishlidir yoki boshqa bir yomonlikni men emas, boshqasi qilgandir. Axir, qahramon umumlashma boʻladi-ku. Lekin yoshmi-qari, kattami-kichik – qanday qahramon boʻlmasin, barida oʻzimdan, tabiatimdan nimadir bor.

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2007

 


(“Ovoza” gazetasida chop etilgan.)

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.