Yuragi keng odamga butun dunyo qarindosh
Bengal xalq maqollari
Bengallar – Bangladeshning asosiy aholisi (109,5 mln. kishi). Shuningdek, Hindiston (80 mln. kishi), Nepal, Butan, Singapur va boshqa joylarda ham yashaydi. Bengal tilida soʻzlashadi.
- Boʻron turgunicha hamma oʻzini eshkakchi ataydi.
- Sut oʻrnini zardob bosolmaydi.
- Aqlda qancha qusur – shu darajada magʻrur.
- Hamma shoqollar bir xil uliydi.
- Baxt ham, baxtsizlik ham yaqin atrofda kezib yuradi.
- Kichik koʻzaning katta boʻgʻzi bor.
- Bitta barmoq bilan chimchilay olmaysan.
- Eng yomon dushman – uydagi dushman.
- Mayda baliq toʻda bilan yuradi.
- Adolatli soʻzga ahmoq odamgina achchiqlanadi.
- Kirim bor joyda chiqim ham bor.
- Qamchining gʻamini ot olganingdan keyin ye.
- Mushtdan qoʻrqib maymun ham oʻyin tusha boshlaydi.
- Boy xonadonda mushukning ham oʻz oʻrni bor.
- Bitta yoqut – oʻn rojaning boyligi.
- Bitta guruchni yeb, osh pishgan-pishmaganini bilish mumkin.
- Istaging qancha koʻp boʻlsa, koʻngling shuncha koʻp qoladi.
- Oldin kasal boʻldi, keyin – tabib.
- Suvda yashaydigan boʻlsang, timsoh bilan muomala qilishni bil.
- Shiyponda dam oladi, dengizni kesib oʻtishni xayol qiladi.
- Yuragi keng odamga butun dunyo qarindosh.
- Imon roʻzada, inson mehnatda sinaladi.
- Yoʻlda temirchini uchratsang, gap darrov oʻroqqa koʻchadi.
- Ahmoq odam tovushini balandlatadi, aqlli kulib qoʻya qoladi.
- Chirik chigʻanoq oyoqni kesishi mumkin.
- Kaptarni koʻrdi-yu, tuzoqni sezmadi.
- Daraxtga mevalari ogʻirlik qilmaydi.
- Xotirjamlik har qanday boylikdan afzal.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 3-sonida chop etilgan.