Zarbof toʻn va koʻylakbop mato
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, zarbof va koʻylakbop soʻzlari
tarkibida ikki xil soʻz ishlatilyapti: bof va bop. Ular bir soʻzning talaffuz koʻrinishi emas, maʼnolari ham farqlanadi. Ikki soʻzni bir-birining oʻrnida almashtirib qoʻllash xato.
Bof forscha boftan feʼlidan, toʻqimoq maʼnosida. Zarbof zar qoʻshib yoki faqat zardan toʻqilgan mato; kimxob; shunday matodan tayyorlangan kiyim degani: bir kiyimlik zarbof, zarbof toʻn. Bu soʻz oʻzbek tilida mustaqil shaklda ishlatilmaydi.
Bof tarkibli har qanday soʻz oʻzbekchada toʻqilgan maʼnosini beravermaydi. Masalan, adrasbof – adras toʻquvchi, shoyibof – shoyi toʻquvchi kosib maʼnosini anglatadi.
Bop ham forschadan kirgan soʻz. Oʻzbekchada alohida soʻz sifatida ham, qoʻshma soʻzlar tarkibida ham ishlatiladi. U quyidagi maʼnolarda ishlatiladi:
1️⃣ Toʻgʻri keladigan, talab qilingandek; juda mos keladigan, munosib.
Oʻylab koʻrsam, sarkotib odamga shundan bop sovgʻa yoʻq ekan.
N. Safarov, Hayot maktabi.
2️⃣ Belgi-xususiyati ijobiy, talab darajasida, yaxshi.
Kim minsa, shu bilar otning bopini,
Sayis olar ildam otning tobini.
“Hasanxon”.
3️⃣ Qoʻshma soʻzlarning ikkinchi qismida “mos”, “munosib”, “toʻgʻri keladigan” maʼnolarini ifodalaydi: ommabop, dehqonbop, urugʻbop, etikbop kabi.
Biz oʻrganayotgan holat soʻzning uchinchi maʼnosiga oid. Bozorbop, bolalarbop, hammabop, ommabop, kiyimbop kabi soʻzlarda moslik, munosiblik mazmuni bor. Koʻylakbop mato – koʻylak qilishga mos, koʻylak tiksa boʻladigan, shunga ayni munosib mato.
📌 Demak:
Zarbof toʻn, koʻylakbop mato ✅
Zarbop toʻn, koʻylakbof mato ❌
Orif Tolib