“Zero” nima degani?
Bu soʻzni asosan ilmiy, badiiy va publitsistik matnlarda uchratamiz. Kitobiy uslubga xos.
Zero forschadan oʻzlashgan, oʻzbekchada chunki, negaki maʼnosiga ega.
Ergashtiruvchi bogʻlovchi vazifasida keluvchi bu soʻzdan soʻng vergul qoʻllash koʻp uchraydi. Hatto izohli lugʻat ham aksariyat oʻrinlarda vergul ishlatgan. Lekin bu xato.
⚠️ Nimasi xato?
Bogʻlovchilardan soʻng vergul qoʻyilmaydi. Masalan, zero soʻzining vazifadoshi chunki soʻzidan soʻng vergul ishlatmaymiz:
Ilmga intilishimiz kerak, chunki najot faqat ilm-maʼrifatda.
Chunki najot faqat ilm-maʼrifatda.
Birinchi jumlada vergul ikki sodda gapni ajratish uchun qoʻllanyapti.
☑️ Toʻgʻrisi qanaqa?
Zero bogʻlovchisidan keyin ham vergul qoʻllamaslik kerak:
Ilmga intilishimiz kerak, zero najot faqat ilm-maʼrifatda.
Zero najot faqat ilm-maʼrifatda.
Hamma shunday yozyapti-ku, deyish yo koʻz oʻrgangan narsani maʼqullayverish dalil emas, xatoda davom etishga sabab xolos.