Zulayxomi yoki Zulayho?
X va h masalasida hatto lugʻat tuzuvchilar ham adashib turishi haqida oldinroq aytib oʻtgandim. Bu holat biz oʻrganayotgan ismda ham koʻzga tashlanadi. Toʻgʻri, oʻzbek tilida ismlar lugʻati yoʻq. Lekin kishi nomlari qatnashgan birikmalar lugʻatda izohlangan, ismlar lugʻatdagi misollar ichida kelgan holatlar bor.
E. Begmatovning “Oʻzbek ismlari maʼnosi” kitobi (2007)da bu ism Zulayho koʻrinishida berilgan.
“Navoiy asarlari lugʻati” (1972)dagi misolda ham soʻz h bilan yozilgan. “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati” 2-jildi (1983)da baʼzi misollarda Zulayxo, baʼzilarida Zulayho tarzida, 4-jildi (1985)da barcha oʻrinlarda Zulayxo tarzida berilgan.
Izohli lugʻat (5 jildik, 2006–2008)dagi misollarning barchasida bu ism Zulayho shaklida uchraydi.
Xoʻsh, aslida qanday yozish toʻgʻri?
Ismning toʻgʻri imlosi – Zulayxo. Nega?
Bu soʻz bizga arab tilidan kirgan. Qurʼoni karimda “Yusuf va Zulayxo” qissasi keladi. Bu qissa Sharq mumtoz adabiyoti, jumladan, turkiy adabiyotda ham badiiy shaklda aks etgan. Yaʼni, u asosida butun boshli asarlar, rivoyatlar va hikoyatlar yaratilgan. Gʻazallarda esa bu qissaga ishoralar berilgan.
Nega h bilan yozish ommalashib ketgan? Menimcha, kimdir boshlab bergan xatoni boshqalar davom ettirib ketavergan. Ayniqsa, eski oʻzbek yozuvidan voz kechilgach, soʻzda arab imlosidagi qaysi harf qoʻllanganini bilish imkoniyati yoʻqolgan.
Hozirgi imloga eski oʻzbek yozuvidagi hoyi hutti (ﺡ) va hoyi havvaz (ﻩ) harflari h tarzida oʻgiriladi. Xe (ﺥ) harfigina x tarzida ifoda etiladi. Zulayxo ismida ana shu xe xarfi qatnashgan: زليخة.
📌 Demak:
Zulayxo ✅
Zulayho ❌
Orif Tolib